Xorazmda «shamol generatori» ishlab chiqariladi

  •   DiMaX
  •  1664
  •  23.01.2020 08:44

Xorazmda «shamol generatori» ishlab chiqariladi

Innovatsion rivojlanish vazirligi tashabbusi bilan joriy yilning 20 yanvar kuni Toshkent shahridagi Yodju Texnika Instituti Innovatsiya markazi xodimlari tomonidan fuqaro Erkin Atajanov taqdim etgan «Shamol harakatini mexanik harakatga aylantiradigan klapanli qurilma (shamol generatori)» loyihasining tajribaviy namunasi laboratoriya sinovidan o‘tkazildi. Bu xususda Vazirlik rasmiy sayti xabar bermoqda.

O‘QING: Toshkentdagi gavjum bozorda yuzni tanuvchi kameralar o‘rnatildi

Sinov jarayonida innovatsion rivojlanish vaziri o‘rinbosari Olimjon To‘ychiyev, Toshkent shahridagi Yodju Texnika Instituti innovatsiya va ilmiy ishlar bo‘yicha prorektori Jamshid Kaniyev hamda ushbu institut Innovatsiya markazi xodimlari ishtirok etdilar.

Sinov metodikasiga asosan, loyihaning tajribaviy namunasi laboratoriya sharoitida turli xil tezlikdagi sun’iy shamol ta’siri ostida sinaldi, shuningdek maxsus o‘lchov asboblari yordamida qurilma tajribaviy namunasi o‘qidagi kuch momenti, o‘qning burchak tezligi va berilayotgan sun’iy shamol tezligi o‘lchanib, natijalar qayd etildi.

Sinov jarayonida qayd etilgan natijalar loyihaning istiqbolga ega ekanligini ko‘rsatdi. Ushbu loyihani yanada rivojlantirish, uni qo‘llab-quvvatlash maqsadida fuqaro Erkin Atajanovning loyihasi «Xorazm» innovatsion texnoparkiga yo‘naltirildi.

Muqobil energiya manbalaridan foydalanish tarixan juda uzoq davrlarga borib taqaladi. Qadimdan quyosh va shamol energetikasidan ma’lum darajada insoniyat o‘z yashash turmush tarzida foydalanib kelgan. Masalan, shamol tegirmonlarida donlarni maydalash, quyosh nurlarida meva va poliz ekinlari mahsulotlarini quritish kabi ishlarda keng foydalanib kelganlar.

Hozirda takomillashgan zamonaviy asbob va qurilmalar yordamida bu ishlar amalga oshiriladi. Muqobil energiya manbalari turlarining yangi yo‘nalishlari va sohalari rivojlanib bormoqda. Kelajakda juda ko‘p boshqa turdagi muqobil energiya manbalari turlari ham kashf etilib, ulardan insoniyat barcha sohalarda, hatto kosmosda ham energiya manbai sifatida foydalanishlari ba’zi olimlar va mutaxassislar tomonidan bashorat qilinmoqda. Bugungi kunga kelib zamonaviy shamol energetik qurilmalari yaratilgan bo‘lib, ular quvvatiga ko‘ra mini va katta shamol energetik qurilmalariga ajratiladi.

O‘QING: Elektromobil ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishda hamkorlik o‘rnatildi

Respublikamizda doimiy ravishda shamol esib turadigan hududlar mavjuddir. Bunday geografik hududlarda «shamol generatorlarini» barpo etish, ulardan energiya manbai sifatida foydalanish ancha samarali, arzon va qulay hisoblanadi. Biroq katta quvvatli «shamol parklari» shamol generatorlari o‘zlaridan juda kuchli shovqin hosil qiladi. Bu aholiga va atrofdagi jonzotlarga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shuning uchun ham bunday katta quvvatli shamol parklari aholi yashash hududlaridan, hayvonot olami yashaydigan hududlardan (qo‘riqxona, o‘rmon va boshqalar) uzoq joylarda barpo etiladi.

Hozirgi paytda shamol generatorlarining juda ko‘p turdagi yangi konstruksiyalari yaratilgan bo‘lib, ulardan turli gegrafik hududlarga mosini tanlab olib foydalanish maqsadga muvofiqdir. Misol tariqasida kichik quvvatli (bir necha kVt atrofida) mini shamol generatorlaridan foydalanish to‘g‘risida ba’zi ma’lumotlarni keltirib o‘taylik. Mini shamol generatorlarining afzalliklari shundan iboratki, birinchidan, ularni bir joydan ikkinchi joyga ko‘chirish juda oson va qulay hisoblanadi, ikkinchidan kichik tezlikdagi shamol ta’sirida ham energiya hosil qilib berish imkoniyatiga egadir.

Qo‘lbola kichik shamol generatorlarini yasash va o‘rnatishda ham ularning texnik holati tekshirilishi, qo‘shimcha qurilmalarning mos yoki mos emasligi mufassal tekshirib ko‘rilishi kerak. Mana shu jihatlari aniq hisob-kitob qilinsa, shamol esib turadigan geografik hududlar to‘g‘ri tanlansa, shamol generatorlari (shamol energetik qurilmalari) ishlab chiqaradigan elektr energiya insoniyat uchun eng arzon va qulay muqobil energiya turi bo‘lishi mumkin.

O‘QING: Xorazmda turizm politsiyasini Google Maps orqali topsa bo‘ladi