XUShXABAR: O‘zbekistonda IMEI-kodi mos kelmagan smartfonlar hozircha bloklanmaydi!

  •   DiMaX
  •  1508
  •  09.04.2019 12:32

XUShXABAR: O‘zbekistonda IMEI-kodi mos kelmagan smartfonlar hozircha bloklanmaydi!

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi yaqinda «Respublikamiz hududlarida mobil aloqa tarmoqlarini kengaytirish va mobil qurilmalarni hisobga olish va ro‘yxatdan o‘tkazish tizimini joriy etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida» matbuot anjumani o‘tkazgandi. Unda mobil qurilmalarni hisobga olish tizimining joriy etilishi mamlakatimizda 2019 yilning 1 aprelidan boshlanishi ham qayd etilgan.

O‘QING: O‘zbekistonda 1 apreldan barcha smartfon va planshetlar IMEI-kodi bo‘yicha BEPUL ro‘yxatga olinmoqda!

Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston GSM-operatorlari tarmoqlarida foydalaniladigan barcha mobil qurilmalarning avtomatik tarzda ro‘yxatga olish boshlangan va buning uchun abonentlardan – smartfon va planshetlar egalaridan hech qanday haq olinmaydi.

Hisobga olish va qurilmani ro‘yxatdan o‘tkazish tizimi quyidagilardan foydalanishni cheklashga imkon beradi:

1) kontrafakt qurilmalarni – ya’ni IMEI-kodi qurilmaning haqiqiy modeliga muvofiq kelmaydigan qurilmani,

2) o‘g‘irlanganlik yoki yo‘qotganlik sababidan «qora ro‘yxat»ga kirib qolgan qurilmani,

3) bojxona nazoratidan o‘tmagan qurilmalarni.

Telefoningiz IMEI-kodi maqomini to‘g‘riligini UZIMEI.UZ tizimining rasmiy saytida tekshirib olishingiz mumkin.

O‘QING: Android-smartfon originalligini aniqlashning eng sodda va ishonchli usuli

MUHIM SAVOL: Xo‘sh, agarda smartfon yoki planshetning IMEI-kodi maqomi GSMA assotsiatsiyasi bazasidagi ma’lumotga to‘g‘ri kelmasa nima bo‘ladi?

Bugun – 9 aprel kuni Spot nashrining yozishicha, IMEI-kodi qurilmaning amaldagi modeliga to‘g‘ri kelmagan telefonlar hozircha bloklanmaydi. Bu haqda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi Telekommunikatsiya tarmoqlarini istiqbolli rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Timur Mashanpin xabar bergan. Uning «O‘zbekiston 24» telekanaliga ma’lum qilishicha, tizim bosqichma-bosqich joriy etiladi, shu boisdan ham vazirlik IMEI-kodi qurilmaning amaldagi modeliga to‘g‘ri kelmagan devayslarni bloklab qo‘ymaslikka qaror qilgan.

Mashanpinning aytishicha, faqat o‘g‘irlanganligi yoki yo‘qotib qo‘yilganligi sababli «qora» ro‘yxatga tushib qolgan telefonlargina bloklanishi mumkin. buning uchun smartfon yoki planshetini o‘g‘irlatib (yo‘qotib) qo‘ygan kishi ichki ishlar bo‘limiga hamda mobil aloqa operatoriga xabar berishi lozim. Shunda ichki ishlar bo‘limi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligiga tegishli so‘rovnomani yuboradi va vazirlik mazkur qurilmani «qora» ro‘yxatga kiritib qo‘yadi.

Boshqarma boshlig‘ining so‘zlariga ko‘ra, mobil qurilmalarni IMEI-kodi bo‘yicha avtomatik ro‘yxatga olish jarayoni yakunlangach, IMEI-kodi devaysning haqiqiy modeliga muvofiq kelmaydigan gadjetlarni ham bloklash boshlanadi. Lekin avtomatik ro‘yxatga olish jarayoni qachon tugallanishini vazirlik mas’ul xodimi aniq aytmagan.

O‘QING: Samsung smartfon va planshetlarining originalligini aniqlaymiz (+videoqo‘llanma)