Yana bir institutimiz Jahon banki grantiga sazovor bo‘ldi – 80 ming dollar!

  •   DiMaX
  •  998
  •  19.04.2019 14:05

Yana bir institutimiz Jahon banki grantiga sazovor bo‘ldi – 80 ming dollar!

Jahon banki tomonidan O‘zbekistonda «Oliy ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash» loyihasi uchun mablag‘ ajratilgan. Andijon davlat universiteti olimlari va talabalari tomonidan taqdim etilgan loyiha ushbu tanlovda yutgani haqida yozganmiz.

O‘QING: Andijondagi innovatsion loyihaga Jahon banki 140 ming dollar ajratdi

Ushbu loyiha doirasida Namangan muhandislik-texnologiya institutining «To‘qimachilik sanoatida yuqori malakali kadrlar tayyorlash uchun innovatsion o‘quv markazini yaratish» loyihasi muvaffaqiyatli ishtirok etib, Jahon banki tomonidan 80 ming AQSh dollari miqdoridagi mablag‘ bilan moliyalashtirildi, deb yozadi O‘zA.

Mazkur loyiha Prezidentimizning «To‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi hamda «Oliy ta’lim muassasalarida ta’lim sifatini oshirish va ularning mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarda faol ishtirokini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Qarorlari ijrosini ta’minlashga qaratilgan.

Loyiha davomida ta’lim-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini yanada yaxshilash, sohaga malakali mutaxassis kadrlar yetkazib berish, texnik sohalar uchun o‘qitishning innovatsion yondashuv usullarini joriy etish, professor-o‘qituvchilarni ilg‘or texnologiyalar joriy etilgan korxonalarda stajirovka o‘tashi kabi izchil ishlar amalga oshiriladi. Bu o‘z navbatida oliy ta’lim sifatini oshirishga xizmat qiladi.

– 2019-2020 yillarda bajarilishi rejalashtirilgan bu loyihaning ilk bosqichida dunyoning eng yaxshi mingtalik reytingiga kiruvchi texnik oliy o‘quv yurtlarining me’yoriy hujjatlari va o‘quv bazasini o‘rganish asosida o‘qitishning innovatsion usullarini ishlab chiqish va joriy etish bo‘yicha takliflar tayyorlanadi, – deydi institut ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori, texnika fanlari nomzodi Avazbek Obidov. – Bundan tashqari, Shveysariyaning «Rieter» to‘qimachilik mashinasozligi kompaniyasining yetakchi mutaxassislari tomonidan mamlakatimizdagi to‘qimachilik korxonalariga o‘rnatilayotgan zamonaviy serunum texnika va texnologiyadan unumli foydalanish bo‘yicha professor-o‘qituvchilarni o‘qitish ishlari amalga oshiriladi.

O‘QING: Jahon banki O‘zbekistonda tezkor internetni ishga tushirishga yordam beradi

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!