Yana bitta Google servisining rasman «janozasi o‘qildi»

  •   DiMaX
  •  935
  •  22.10.2020 16:53

Yana bitta Google servisining rasman «janozasi o‘qildi»

Google kompaniyasining muvaffaqiyatli chiqmagan, o‘z umrini o‘tab bo‘lgan hamda «tug‘ilmasdan bo‘g‘ilgan» mahsulotlarini aks ettiruvchi Killed By Google sayti mavjud. Unga «dafn etilgan» bir qator servislar, ilovalar va gadjetlar haqida bir qator xabarlar e’lon qilganmiz.

O‘QING: Google mahsulotlarining haqiqiy qabristoni ochildi – qabrtoshlari ham bor!

Qidiruv giganti shu yilning may oyida «Google Play Musiqa» (Google Play Music) striming platformasini yopishini, uning o‘rniga YouTube Music qolishini e’lon qilgan edi. Google yozda o‘zi ma’lum qilganidek, Play Music ilovasini rasman butkul yopib qo‘ydi.

Endi musiqa shinavandlari YouTube Music servisiga o‘tishlari boshqa kompaniyalarning musiqa servislaridan foydalanishlari mumkin. Birinchisi osonroq kechadi – Google yopilgan servisdagi butun fonotekani butunicha ko‘chirib o‘tkazish tugmachasini joriy etgan.

Play Music servisining to‘xtatilish sababini Google rasman e’lon qilmagan; mutaxassislarning fikricha, kompaniya uni rivojlantirishdan ma’no yo‘q, deb hisoblagan. Zero, «Google Play Musiqa» deyarli 10 yillik umri davomida atigi 15 million nafar pulli obunachi to‘play olgan.

Taqqoslash uchun: Apple Music servisi bundan ikki baravar kam muddatda 50 million foydalanuvchi to‘plagan. Onlayn musiqa servislari orasida yetakchi esa baribir Spotify hisoblanadi – undan pulli obuna asosida 130 million kishi foydalanmoqda.

O‘QING: Onlayn audio tinglaganda qancha megabaytingiz ketadi?

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!