Yangi chiqqan iPhone 14 qiynoqqa solindi!

Yangi chiqqan iPhone 14 qiynoqqa solindi!

JerryRigEverything taxallusi bilan tanilgan YouTuber - Zak Nelsonning bu safargi "o'ljasi" yangi chiqqan iPhone 14 smartfoni bo'ldi. O'zining navbatdagi videosida, Nelson har doimgidek smartfonni qutidan yangi ochadi va o'ylab o'tirmasdan o'zining maxsus qurollari bilan uni "qiynoqqa solish"ni boshlaydi.

Eng birinchi bo'lib, smartfonning Ceramic Shield bilan himoyalangan ekrani Mohs qattiqlik shkalasi bo'yicha tirnalisharga qarshi sinaldi. 9 ballik tizimning oltinchi darajasidayoq biroz zaif, yettinchi darajasida esa aniqroq ko'rinadigan tirnalashlar paydo bo'ldi. Nelsonning ta'kidlashicha, bu oddiy temperli shisha oyna natijasidan ko'ra yaxshiroqdir.

Keyingi "qiynoq jarayoni" esa sochingizni tikka qilishi aniq: Nelson o'zining pichog'i bilan smartfonning alyuminiy bilan o'ralgan yon tomonlarini qirishni boshladi. Garchi ramkaning yaxlitligi qurilmani yetarlicha himoya qila olayotgan bo'lsa ham, u o'zida bo'yoqlarni ushlab tura olmadi.

Kamera linzalariga o'tadigan bo'lsak, Nelson ularning kutilganidan ham osonroq tirnalishidan hayron ekanligini ma'lum qildi. Bunda u iPhone 14 egalariga agar kamera uchun himoya vositalaridan foydalanishmasa, smartfonni joylarga qo'yishda ehtiyotkor bo'lishni maslahat beradi.

Navbatda kuydirish testi. Balki buni sinov turi deb ham bo'lmas, axir hech ham smartfoningizni yonib turgan olovda uzoq vaqt ushlab turmaysizku? Ammo, Nelsonni hech nima to'xtata olmadi. U o'zining zajigalkasini yoqib, smartfon ekranini kuydirishni boshladi. Albatta, buni oxiri yaxshilik bilan tugamadi va piksellar 20 soniyadan so'ng "o'lish"ni boshladi.

Qiynoq so'nggida, Nelson smartfonni egib ham ko'rdi. Xulosa o'rnida shuni aytish mumkinki, iPhone 14 tirnaldi, kuydi, biroz bukildi, lekin sinmadi.

O'QING: iPhone 14 Pro smartfonlaridagi kamera muammosi keyingi hafta hal qilinadi

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!