Yangi flagmanlar: Huawei P60 seriyasi taqdim qilindi!

Yangi flagmanlar: Huawei P60 seriyasi taqdim qilindi!

Huawei kompaniyasi o'zining P60 seriyasida uchta yangi flagman smartfonlarni taqdim qildi. Bular Huawei P60, Huawei P60 Pro va Huawei P60 Art modellari bo'lib, ular bir-birlariga juda o'xshash lekin kamera, batareya va quvvatlanishda farq qilishadi.

Uch mushketyorlar bir xil ekranga ega: 6.67 dyuymli LTPO OLED displey FHD+ (1220×2700) rezolyutsiyasida va 120 gertsgacha bo'lgan yangilanish tezligini qo'llab-quvvatlaydi. Ekran Kunlun oynasi bilan himoyalangan va uning ostida barmoq izi skaneri mavjud. Ta'kidlash joizki, ekran yon tomonlari biroz qayrilgan. Ekranni o'rab turgan qora ramka esa juda ingichka va uni deyarli sezmaysiz. Shuningdek, ekran yuqori markazida joylashgan selfi kamera ham uchchala modelda bir xil – 13 MP (f/2.4).

Orqa kameralarga o'tadigan bo'lsak, barcha modellarda ular uchta, lekin ular bir-biridan biroz farq qiladi. Uchchala modellar ham RYYB sensori, f/1.4 dan f/4.0 gacha bo'lgan o'n o'zgaruvchili diafragma va OIS xususiyatlariga ega 48 megapikselli bir xil asosiy kamera bilan jihozlangan.

Ultra-keng sensorga kelsak, bu yerda oddiy va Pro model 13 MP da f/2.2 diafragmali, Art modeli esa xuddi shunday diafragmada 40 MP linza bilan ta'minlangan. Navbatda telefoto kamera – u P60 da 12 MP va u f/3.4 diafragma bilan OIS xususiyatiga ega. P60 Pro, hamda, P60 Art modellariga esa bundan yaxshiroq, 48 MP da f/2.1 diafragma, OIS va 3.5× optik va 100× raqamli zum qobilyatlariga ega sensor o'rnatilgan.

Chapdan o'ngga: Huawei P60, Huawei P60 Pro va Huawei P60 Art

E'tibor bergan bo'lsangiz, Huawei P60 ning asosiy kamerasidan tashqari qolgan ikkita qo'shimcha kameralari to'rtburchak shakl ichida joylashgan. Huawei P60 Pro modelida esa ular yumaloq shakl ichida. Huawei P60 Art modelida esa uchlik kamera tizimini bir qarashda haqiqiy orolchani eslatib yuboradigan noodatiy shaklda o'z ichiga olgan.

Kameralardan tashqari Huawei P60 seriyasidagi smartfonlarining yana bir e'tiborli xususiyati shundaki, ular Beidou sun'iy yo'ldoshlari orqali ikki tomonlama xabar almashishni qo'llab-quvvatlaydi, ya'ni siz smartfonda sun'iy yo'ldoshga ulangan holda ham SMS yuborishingiz, ham SMS qabul qilishingiz mumkin. Afsuski, ushbu funksiya faqat Xitoyda ishlaydi.

Huawei P60. Foto: Huawei

Huawei P60 seriyasidagi uchchov modellar ham Snapdragon 8+ 4G chipsetida Harmony OS 3.1 versiyasida ishlaydi. Aytish kerakki, ushbu chipset o'tgan yilgi Snapdragon 8+ Gen 1 ning LTE versiyasi hisoblanadi. Smartfonlar bir-birlaridan doimiy xotira bo'yicha ham farq qilishadi. Bunda oddiy model 128/256/512 GB, Pro model 256/512 GB, Art model esa 512 GB, hamda, 1 TB xotira bilan taklif qilinadi.

Huawei P60 Pro. Foto: Huawei

Smartfonlarni bir-biridan ajratib turadigan yana bir narsa ularning batareyasi va uni zaryadlash tezligidadir. Huawei P60 va Huawei P60 Pro modellari 4,815 mA/soat batareyaga ega bo'lsa, Huawei P60 Art biroz kattaroq, 5100 mA/soat batareya bilan ta'minlangan. Oddiy model batareyasi 66 Vt, Pro va Art modellar esa 88 Vt tezlikda simli quvvatlanadi. Uchchovlon 50 Vt tezlikda simsiz zaryadlashni qo'llab-quvvatlaydi.

Huawei P60 Art oltin va ko'k ranglarda. Foto: Huawei

Qo'shimchasiga smartfonlar NFC, infraqizil nur uzatuvchisi va suv, changdan himoya uchun IP68 sertifikatiga ega. 3.5 mm simli naushnik uyasi hech qaysi modelda mavjud emas.

Huawei P60 va Huawei P60 Pro oq, siyohrang, qora va yashil ranglarda

Huawei P60 va Huawei P60 Pro yashil, barmoq izini saqlamaydigan siyorang, qora va shu bilan birga Rokoko stilidagi maxsus oq ranglarda taklif qilinadi. Huawei P60 Art esa oltin va ko'k ranglarda mavjud. Narxlar quyidagicha:

  Huawei P60  Huawei P60 Pro Huawei P60 Art
128 GB 4488 yuan (≈656 dollar)    
256 GB 4988 yuan (≈729 dollar) 6988 yuan (≈1021 dollar)  
512 GB 5988 yuan (≈875 dollar) 7988 yuan (≈1167 dollar) 8988 yuan (≈1313 dollar)
1 TB     10988 yuan (≈1605 dollar)

Huawei P60 seriyasi 9-may kuni global bozorga taqdim qilinishi kutilmoqda.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!