Yangi iPhone'larni kutyapsizmi? Keyingi haftani kalendaringizda belgilab qo‘yavering!

Yangi iPhone'larni kutyapsizmi? Keyingi haftani kalendaringizda belgilab qo‘yavering!

Agar iPhone 13'lar taqdimotini intiqib kutayotgan bo‘lsangiz, xursand bo‘lavering: kupertinoliklar keyingi hafta yangi smartfonlarini taqdim qiladi.

O‘QING: iPhone 13'lar narxlari ma’lum bo‘ldi

Ilgariroq, iPhone 13 lineykasi 14-sentabr kuni taqdim qilinishi xabar berilgan edi. TechRadar nashri ushbu ma’lumotni tasdiqlamoqda.

Apple, odatda, asosiy iPhone marosimlarini bir hafta oldin e’lon qiladi. Demak, yangi iPhone'lar taqdimoti haqida 7-sentabr kuni, ya’ni bugun xabar topamiz.

Bu shunchaki asossiz taxmin emas. Oxirgi bir necha yildan buyon iPhone'lar, jumladan, iPhone 11 va iPhone 12'larning taqdimoti haqida marosimdan bir hafta oldin xabar berilgan. Apple'da shunday an’ana bor. Yangi iPhone’lar ham bu an’anani chetlab o‘tmasligi kerak.

iPhone 13'ning o‘zi taqdim qilinajak yagona smartfon bo‘lmaydi. iPhone 13 mini, iPhone 13 Pro va iPhone 13 Pro Max modellari, shuningdek, boshqa yangi Apple mahulotlari ham namoyish qilinishini kutish mumkin.

O‘QING: Apple iPhone narxlari bilan tanishamiz (2021-yil, avgust)

Bular qatoriga Apple watch 7 va yangi iPad (2021) kiradi. Kam ehtimol bilan, Apple Watch SE 2 va iPad Mini 6 qurilmalarini kutsak ham bo‘ladi. Lekin Apple yangi iPad va Apple Watch 7 qurilmalariga bo‘lgan e’tibor kamaymasligi uchun Apple Watch SE 2 va iPad Mini 6'larni keyingi hafta chiqarmasligi ehtimoli yuqori.

Hozirga qadar tarqalgan mish-mishlarga ko‘ra, iPhone 13'lar Wi-Fi 6E aloqasi, biroz yaxshilangan akkumulyator va ko‘z harakatini kuzatuvchi yangicha funksiyaga ega bo‘lishi aytilmoqda. Ko‘zni kuzatuvchi funksiyaning vazifasi ekranning siz e’tibor bermayotgan qismlarini blurga olishdan iborat. Natijada, atrofingizdagilar siz telefonda nima ko‘rayotganingizni qarab aniq bila olmaydi.

Agar Apple o‘z rejalarini shu hafta ma’lum qilsa, boshqa kompaniyalar ham kelasi hafta taqdimot o‘tkazadi. Bir necha yangi smartfonlar taqdim qilinadi.

Bugun Oppo o‘zining yangi smartfonlarini namoyish qiladi. Shundan ko‘p o‘tmay, ya’ni 9-sentabr kuni realme ham o‘zining uzoq kutilgan realme Pad planshetini ommaga ko‘rsatadi.

Xiaomi ham 15-sentabr kuni taqdimot o‘tkazishi haqida postlar e’lon qilib kelmoqda. Yangi taqdim qilinadigan qurilmalar Xiaomi Mi 11T smartfoni va Mi Pad 5 plansheti bo‘lishi mumkin.

Agar Apple 14-sentabr kuni taqdimot o‘tkazsa, hammaning e’tibori Xiaomi'dan Apple'ga qaratiladi, albatta. Bundan tashqari, Oppo va realme kompaniyalari ham kupertinoliklar soyasida qolishi turgan gap.

O‘QING: Mark Gurman: "Apple barmoq izi skanerini sinab ko‘rdi hamda undan voz kechdi"