Yangi MacBook Air’ga Huawei javobi – MateBook 13 noutbuki namoyish qilindi

  •   DiMaX
  •  959
  •  06.11.2018 16:59

Yangi MacBook Air’ga Huawei javobi – MateBook 13 noutbuki namoyish qilindi

30 oktyabrdagi taqdimotida Apple bir qator boshqa gadjetlar bilan birga MacBook Air’ni ham ko‘rsatgan edi. Bugun esa unga xitoycha javob berishdi – Huawei navbatdagi yengil va yupqa noutbukini taqdim etdi.

O‘QING: Apple yangilangan MacBook Air, Mac mini, iPad Pro va iOS 12.1’ni taqdim etdi (+videolar)

MateBook 13 noutbuki diagonaliga 13 dyuymlik IPS-ekranga ega. Uning 2160x1440 piksel aniqlikdagi displeyi SRGB rang makonini 100 foiz qoplab olgan. Ekranning tomonlari o‘zaro 3:2 nisbatda bo‘lib, panel yuzasining 88 foizini egallagan. Displeyni romsiz desak ham xato emas – uning yon hoshiyalari atigi 4,4 millimetrlik qalinlikda.

Huawei ushbu devaysini Intel Core i5-8265U hamda Core i7-8560U protsessorlari bilan, bir nechta konfiguratsiyalarda taqdim etgan. Katta versiyalarida o‘ziga o‘rnatilgan UHD Graphics 620 grafikasidan tashqari NVIDIA MX150 rusumli alohida qo‘shilgan videokartasi ham bor. LPDDR3-2133 turiga mansub tezkor xotirasi 8 gigabaytlik, SSD-saqlagichi esa 256 gigabayt hajmga ega. Mazkur noutbukda ikkita ventilyatorli yangicha sovitish tizimi qo‘llangan, u havo aylanishini 25 foizga oshiradi.

MateBook 13 metall korpusining qalinligi atigi 14,9 millimetrni tashkil etadi. Uning klaviaturasi ichkaridan yoritiladi, devaysni yoqish-o‘chirish tugmasiga barmoq izi skaneri ham joylangan. Noutbuk uch xil – kumushrang, kul rang va «pushti oltin» rangli korpuslarda ishlab chiqarilmoqda.

Bu – kompaniyaning Huawei Share 3.0 texnologiyasini qo‘llab-quvvatlovchi ilk noutbuk hisoblanadi. Bu texnologiya xitoylik texnogigantning NFC modulli smartfonlari bilan yuqori tezlikda ma’lumot almashish imkonini beradi – u orqali ikki soniyada 1000 ta fotosurat uzatish mumkin! Ayni damda noutbukni Mate 20 turkumi flagman smartfonlari bilan Huawei Share 3.0 yordamida o‘zaro «bog‘lash» mumkin; yana EMUI 9 operatsion tizimiga yangilanishi bilan bu ro‘yxat yana kengayadi.

O‘QING: Huawei tez orada flagman noutbukini taqdim etmoqchi

Huawei MateBook 13 avtonomligi uchun 42 Vt/soatlik akkumulyator mas’ul. Ishlab chiqaruvchining ta’kidlashicha, unda 10 soatgacha video ko‘rish, 9.1 soatlik ofis ishlarini bajarish yoki 7.3 soat internetda kezish mumkin. Unda portlar minimum darajagacha tushirilgan: o‘ng yonida USB Type-C, chap tomonida esa yana bitta USB-C va audiogarnitura uchun 3.5 millimetrlik tirqish. Noutbukka o‘rnatilgan stereodinamiklar Dolby Atmos texnologiyasini qo‘llab-quvvatlaydi. Qurilma ulkan tachpadga ega bo‘lib, o‘zaro fayl almashish uchun smartfon unga o‘ng tomonidan yaqinlashtiriladi.

Xitoylik texnogigant MateBook 13 modelini dekabrdan sotuvga chiqarishini aytsa-da, narxini ma’lum qilmagan. Mahalliy bozorga uning 720-870 dollar atrofida sotilishi taxmin qilinmoqda.

Huawei taqdimot marosimida bu mahsulotini yangilangan MacBook Air bilan taqqosladi. MateBook 13 kupertinoliklarning noutbukidan ixchamroq – 0.7 millimetrga yupqa va umumiy hajmi 6 foizga kichik. Shu bilan birga, u MacBook Air modelidan ko‘ra kuchliroq texnik ta’minotga ega. Ya’ni, Apple noutbukida kuchsizroq – Amber Lake Y turkumidagi Intel Core i5-8210Y protsessori qo‘llangan bo‘lsa, xitoyliklarning laptopida to‘laqonli Intel Core i5/i7 ishlatilgan. MateBook 13 noutbuki Windows 10 operatsion tizimi boshqaruvi ostida ishlaydi.

Bizning Terashop.uz internet-do‘konimizda esa narxi 2 099 000 so‘mdan boshlanuvchi turli laptoplarni onlayn xarid qilish imkoni mavjud.

O‘QING: Lenovo, ASUS, HP, Acer va Dell noutbuklarining Terashop.uz’dagi narxlari (2018 yil 23 oktyabr) – xaridingiz O‘zbekiston bo‘ylab bepul eltib beriladi!