Yangi texnologiyalar top-10 taligi

Yangi texnologiyalar top-10 taligi

Har yili muntazam ravishda o‘tkaziladigan xalqaro CES texno-ko‘rgazmasida texnologiya sohasidagi yirik kompaniyalar o‘zlari yaratgan eng so‘nggi ishlanmalarni namoyish qiladilar. Joriy yilning yanvar oyida Las-Vegas shahrida bo‘lib o‘tgan navbatdagi taqdimotda ham odamlar hayotini sezilarli darajada o‘zgartirib yuborishi kutilayotgan bir qator gadjetlar va texnologiyalar keng jamoatchilik e’tiboriga havola qilindi. Kutilmagan sovg‘alarga boy bo‘lgan mazkur ko‘rgazmada texnologiyalar sohasida qanday yutuqlarga erishilgani, yil davomida bizni nimalar kutayotgani haqida oz bo‘lsa-da tasavvur uyg‘otish uchun ICTNEWS quyida keltirilgan TOP-10 talik ro‘yxatini tuzib chiqdi. 

1. Egiluvchan smartfon

Bir necha yildan buyon Samsung, Lenovo va LG kabi yirik kompaniyalar o‘z mijozlariga egiluvchan smartfonlarni va’da qilib kelayotgan bir paytda unchalik taniqli bo‘lmagan Royole kompaniyasi CES 2019 ko‘rgazmasi mehmonlariga birinchilardan bo‘lib to‘liq funsiyali egiluvchan smartfon – FlexPai ni namoyish qildi. Allaqachon sotuvga chiqarilgan smartfon Android 9 tizimida ishlaydi va yaxshigina texnik xususiyatlarga ega. Shunday bo‘lsa-da, ekspertlar uning iste’molchilar talabini to‘la qondira olishiga shubha bilan qaramoqdalar.

2. Egiluvchan displeyli televizorlar

2019 yilning asosiy mavzusiga aylangan egiluvchan ekranlar texnologiyasidan televizorlar ham chetda qolmadi. LG kompaniyasi yaratgan o‘rama mexanizmli LG Signature OLED TV R televizori bu boradagi dastlabki aks sado bo‘lib yangradi. O‘ziga xos ustun shakliga ega bo‘lgan televizorni ko‘rishdan avval uning tugmasini bosasiz va asosdan ingichka ekran “o‘sib” chiqadi, o‘chirganda esa, aksincha, xuddi mato o‘rami kabi asosga yig‘iladi. Bu, o‘z navbatida, xonada ortiqcha joy egallanishining oldini oladi.

3. Kvant kompyuterlari

Yaqin o‘tmishda xuddi hisoblash mashinalari davrida kalkulyatorlar bilan bo‘lgani kabi kvant kompyuterlari ham hech qachon ushalmaydigan orzudek ko‘rinardi. Biroq IBM kompaniyasi CES-2019 ko‘rgazmasida bir necha yil davomida yaratgan Q System One modelini taqdim qilib, bu kabi qarashlarni yo‘qqa chiqardi. Odatdagidan ko‘ra anchayin katta hajmga ega bo‘lgan bunday kompyuterlar uy sharoitida foydalanishga mo‘ljallanmagan, albatta. Kvant kompyuterlaridan olimlar, yirik kompaniyalar foydalanishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, ular yordamida suniy ong yaratish mumkin.

4. Uchar taksilar

Bell kompaniyasi ham ko‘rgazma mehmonlarini hayratga solishda raqobatchilaridan qolishmadi. Texno-ko‘rgazmada kompaniya uchuvchisiz boshqariladigan aerotaksining to‘liq ishlaydigan namunasini namoyish qildi. Ushbu model xalqaro kompaniya – Uber’ning havo kemasi vazifasini egallashga asosiy nomzod bo‘lib turibti. Albatta, uning 2019 yildanoq iste’molga kirishi ehtimoldan ancha yiroq. Biroq shu kungacha faqatgina fantastik filmlarda ko‘rishimiz mumkin bo‘lgan kashfiyot har qancha kutishga arziydi.

5. Qadam tashlab yuradigan avtomobil

Qariyb ikki yildan buyon Hundai kompaniyasi robot va avtomobil gibrid – Elevate ni yaratish bilan ovora bo‘lib kelayotgan edi. Nihoyat, CES-2019’da mazkur yangilik ko‘rgazmaga qo‘yildi. To‘rt oyoqli avtomobil bir qarashda qiziqarli ammo foydasiz g‘oyadek ko‘rinishi mumkin. Biroq undan asosan favqulodda vaziyatlarda  foydalanish ko‘zda tutilgan. Elevate ning “oyoqlari” sunami, zilzila va shu kabi tabiiy ofatlar vaqtida vayronalar orasida yoki noqulay yo‘llarda ham bemalol harakatlanish hamda qutqaruv ishlarini olib borish imkonini berishi aytilmoqda.

6. Haydovchisiz avtomobil va“hammol” robotlar

Do‘konma-do‘kon yurishdan ko‘ra kerakli narsalarni buyurtma qilshni afzal ko‘ruvchilar sonining kundan-kunga ortib borishi tovarlarni yetkazib berish xizmatiga bo‘lgan ehtiyojning tobora kuchayishiga sabab bo‘lyapti. Bu borada Continental kompaniyasi haydovchisiz avtomobil va “hammol” robotlari yordamida ishchi kuchi bilan bog‘liq muammoni hal etishni taklif qilmoqda. Hozircha robotlar odatdagi ko‘rinishdan farq qilmaydi. Biroq ishlab chiqaruvchilar ularning kuchuklar qiyofasida bo‘lishini aytishyapti. Loyiha allaqachon ishlab chiqilgan. Gadjetni oxiriga yetkazish qoldi, xolos. Katta ehtimol bilan ular tez orada sotuvga chiqarilishi kutilmoqda.

7. Hyperloop – tovushdan ham tez!

Vakuum poyezdlari texnologiyasiga qariyb million dollarlik sarmoya kiritgan Richard Brensonning so‘zlariga ko‘ra, tez orada transport bilan bog‘liq barcha muammolar bartaraf qilinadi. Tovush tezligidan yuqori harakatlanish evaziga eng uzoq masofani ham bor-yo‘g‘i bir necha o‘n daqiqada bosib o‘tish mumkin bo‘ladi. Bu esa odamlarda o‘z uyidan yuzlab kilometr olisda ham ishlash imkoni paydo bo‘lishini anglatadi.

8. Samsung Galaxy F

Samsung kompaniyasi ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otayotgan ilk yig‘ma smartfon – Samsung Galaxy F ni taqdim qildi. Ushbu gadjet qulay tarzda yig‘ilib, katta ekranli qiyofadan ixcham shaklga kiradi. Qurilma keng ishlab chiqarish uchun tayyor, savdo rastalarida esa 2019 yilning birinchi yarmida paydo bo‘lishi kutilmoqda. Biroq, dastlab ularni faqatgina Janubiy Koreya do‘konlaridan xarid qilish mumkin bo‘ladi. Qolganlar biroz kutib turishiga to‘g‘ri keladi.

9. “Tishlangan olma”ni qachon ushlaymiz?

Yangi iPhone XI ning sotuvga chiqishiga hali ancha vaqt bor bo‘lsa-da gadjet haqida yetarlicha xabarlar tarqalib ulgurdi. Apple kompaniyasi egiluvchan smartfon ustida ish olib borayotgani allaqachon hammaga ma’lum. Lekin u 2019 yilda chiqmasligi aniq. Yangi model avvalgilaridan unchalik farq qilmaydi. Uning yanada yuqori sifatli kameraga ega bo‘lish ehtimoli ham yo‘q emas.

10. Elektrostansiyali uy

Uzoq yillar davomida energiya olishning “yashil” usullarini yaratish bo‘yicha izlanishlar olib borilyapti. Biroq ko‘pchilik bu jarayonning cho‘zilib ketayotganidan nolib, ehtimol, umidini uzgan bo‘lishi ham mumkin. Hechqisi yo‘q, tez orada bari o‘z o‘rniga tushadi. Vaqti kelib erta tongda quyosh chiqishi bilan 7100-vatt.li chiroqlarni yoritish quvvatiga ega elektr manbaini ola boshlaysiz.

Bugunga kelib olimlar quyosh batareyalari o‘rnini bosa oladigan, uyingizni bemalol elektr quvvatti bilan ta’minlash imkonini beruvchi bo‘yoqlar yaratishga juda yaqin turishibdi. Bunday bo‘yoq tarkibida kvant nuqtalari – mikroskopik o‘tkazgichlar yoki yarim o‘tkazgichlar bo‘ladi. Bordiyu, ular sotuvga chiqsa, bundan bexabar qolmasligingiz aniq.

Joriy yilda texnologiyalar taraqqiyoti sezilarli darajada olg‘a siljidi. To‘g‘ri, ko‘rgazmaga qo‘yilgan gadjetlarning hammasini hozirdanoq sotib olish imkoni yo‘q. Biroq ular chindan ham ilm-fanda haqiqiy to‘ntarish bo‘ldi deb bemalol ayta olamiz.

O‘QING: Xitoyliklar smart-ko‘zoynaklarni ommaviy ishlab chiqarishga o‘tishyapti

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!