Yangi Zelandiya terrorchisi o‘z hunarini videoo‘yindan o‘rgangan

Yangi Zelandiya terrorchisi o‘z hunarini videoo‘yindan o‘rgangan

Yangi Zelandiyaning Krastcho‘rch shahridagi mudhish terrorchilik hodisasi barchani larzaga soldi. Qurolli shaxslar masjiddagi ellik nafar musulmonni otib o‘ldirdi.

28 yoshli avstraliyalik qotil Brenton Tarrant kamerani taqib olgancha xatti-harakatlarini Facebook orqali translyasiya qilib bordi (ushbu videolarni keyinchalik Facebook ma’muriyati o‘chirdi). U translyasiya boshida (o‘yin strimini olib boruvchi mashhur blogerga qarashli) Pewdiepie kanaliga mushtariy bo‘lishga da’vat qildi. Internet foydalanuvchilari u o‘z harakatlarini tushuntirgan manifestni ham topishdi.

Tarrant Fortnite o‘yini orqali otishni o‘rganib olganini aytgan. Etnik millatchilikni esa Spyro 3: Year of the Dragon o‘yinidan o‘zlashtirib olgan. Bu ma’lumotlarni u hazilnamo tarzda bildirgan.

Tarrantning videotranslyasiyasi “VKontanke”, Facebook, Twitter va YouTube tarmoqlarida yashin tezligida tarqaldi. Moderatorlar mudhish tasvirlar tushirilgan videolarni o‘chiryapti va tarqatganlarni bloklayapti. Tarrant o‘z g‘oyalarini yoymoqchi bo‘lgan akkauntlarning barchasi to‘sib qo‘yilgan.

Translyasiya 16 daqiqaga yaqin davom etgan bo‘lsa-da, sovuqqonlik bilan amalga oshirilgan qirg‘in tomoshabinni larzaga soladi. Tarrant o‘zini xuddi kompyuter o‘yinidagi o‘qchi kabi tutadi va polda cho‘zilib yotganlarda hayot asari ko‘ringan zahotiyoq o‘q uzadi. U bino bo‘ylab bemalol harakatlanadi, hatto yangi o‘q zaxirasini olish uchun mashinasiga ham qaytib borishga ulguradi va qotillikni davom ettiradi. Politsiya avtoturargohdagi mashinadan bir nechta qo‘lbola portlovchi moslamalarni topib zararsizlantirgan.

Terrorchi bu harakatlarini kompyuter o‘qotar o‘yini bilan bog‘lashga uringani diqqatga molikdir. Otishma o‘yinlar insonni agressivlikka chorlashi masalasi uzoq vaqtdan beri ruhiyatshunoslar, jamiyatshunoslar o‘rtasida turli mulohazalarga sabab bo‘lib kelmoqda. Bir necha yil muqaddam Rossiya Federatsiyasi Dumasi deputatlari qotillik aks etgan o‘yinlarni qoralab, videoo‘yinlar sotuvini cheklashga chaqirgan edi.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!