Yangicha standartdagi Super SIM-karta chiqdi – endi fleshkaning keragi yo‘q!

  •   DiMaX
  •  4372
  •  23.12.2019 14:55

Yangicha standartdagi Super SIM-karta chiqdi – endi fleshkaning keragi yo‘q!

Hozirda aksariyat flagmanlar MicroSD formatli xotira kartasidan mahrum etilgan, ayrim smartfonlarda esa bu fleshka ikkinchi SIM-karta o‘rniga qo‘yiladi. Super SIM nomli – yangicha standartdagi kartalar esa ushbu muammoni biryo‘la bartaraf etishi bilan birga, 5G tarmog‘ini ham qo‘llab-quvvatlaydi.

O‘QING: SIM-kartalardagi oltinni ajratib olish mumkinmi?

Super SIM kartalarni Xitoyning China Unicom uyali aloqa operatori tajriba tariqasida Guanchjou shahrida joriy etdi. Ular beshinchi avlod uyali aloqa tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlaydi, xakerlik hujumlaridan ishonchli himoyalangan va MicroSD o‘rnini bosadi – katta hajmli xotirasi ham bor.

Yangi standartdagi SIM-kartalar 32, 64 va 128 gigabaytlik xotira bilan chiqarilmoqda. Super SIM’dagi ma’lumotlar shifrlangan holatda saqlanadi va «bulutli» saqlagich bilan sinxronlasha oladi.

Super SIM-kartalar juda qulay: smartfonni almashtirganda fayllarni ko‘chirib o‘tkazishning ham hojati yo‘q, SIM-kartani yangi qurilmaga qo‘yishning o‘zi yetarli. Shuningdek, ular begona birovning qo‘liga tushsa ham, ichidagi fayllarni ko‘ra olmaydi. Chunki fayllar o‘qilishi uchun smartfonda maxsus parolni terish kerak bo‘ladi.

O‘QING: Istalgan telefon himoyasini SIM-karta orqali buzish yo‘li topildi – bittagina SMS kifoya ekan!

Aytish kerakki, hozirda amalda bo‘lgan oddiy SIM-kartaning o‘zida 512 kilobaytgacha xotira mavjud. Bu esa atigi sozlamalarni, kontaktlarni va bir nechta SMS-xabarlarni saqlash uchungina yetarli joydir. «Bag‘ri keng» Super SIM esa, tabiiyki, oddiysidan birmuncha qimmat ham turadi: xotira hajmiga qarab 150 yuandan 550 yuangacha (taxminan 22 – 79 AQSh dollari).

Guanchjou shahridagi tajribadan so‘ng China Unicom bu kartalarni 5Gjoriy etilgan boshqa shaharlarida ham sotuvga chiqarishni rejalashtirgan. Afsuski, Super SIM-karta hozirda amalda bo‘lgan telefonlarning slotiga tushmaydi, uning uchun maxsus qurilma kerak. Operatorning o‘zi yangi standartdagi kartalarni qo‘yish mumkin bo‘lgan ikkita modeldagi smartfonni sotuvga chiqargan.

China Unicom yangicha formatdagi Super SIM-kartalarning ommalashuvidan umid qilyapti. Shunda smartfonsozlar yangi standartdagi slotga ega qurilmalar ham chiqara boshlashadi.

O‘QING: Telegram’da jiddiy xatolik: barcha shaxsiy ma’lumot va yozishmalaringizni SIM-kartaning yangi egasi ko‘ra oladi!

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!