Yangilangan Galaxy Note 7 Fan Edition fableti 7 iyuldan sotuvga chiqadi

  •   DiMaX
  •  1602
  •  03.07.2017 10:47

Yangilangan Galaxy Note 7 Fan Edition fableti 7 iyuldan sotuvga chiqadi

Samsung Electronics’ning yakshanba kuni ma’lum qilishicha, qaytarib olingan smartfonning yangilangan Galaxy Note 7 Fan Edition versiyasi Janubiy Koreyada 7 iyuldan savdoga chiqariladi. Unda dastlabki versiyadagiga nisbatan kichikroq sig‘imli batareya qo‘llangan, deb yozadi Reuters axborot agentligi.

Aytilishicha, fablet akkumulyatori yangicha xavfsizlik mezonlaridan foydalanilgan holda tekshiruvdan o‘tkazilgan. Batareyalarining qizish, yonib yoki portlab ketish holatlari sababli dastlabki sotilgan Galaxy Note 7’lar qaytarib olingach, xavfsizlik mezonlari qaytadan – kuchaytirilgan holda joriy etilgan. Shunday ekan, yangi Note 7 Fan Edition qurilmalarining qizishi va yonishi ehtimoli minimum darajagacha kamaytirilgan.

Samsung Electronics o‘z bayonotida aniqlik kiritishicha, Janubiy Koreyada savdoga chiqarish uchun 400 ming dona yangilangan Note 7 Fan Edition tayyorlab qo‘yilgan. Ular qaytarib olingan Galaxy Note 7 smartfonlari va shu devayslarga mo‘ljallangan, avval ishlatilmagan qismlardan yig‘ilgan.


Yangilangan Galaxy Note 7 Fan Edition fabletlarining Janubiy Koreyadagi narxi 699 600 von ($611) qilib belgilangan. Bu esa, gadjetning dastlabki qiymatidan taxminan 30 foizga arzon, demakdir.

Aytib o‘tish kerakki, dunyoning eng yirik smartfonsozi o‘tgan yilning oktyabr oyida – sotuvga chiqarganidan taxminan ikki oy o‘tib, Note 7 modelidagi qurilmalarini ishlab chiqarishni vaqtincha to‘xtatgan, sotilganlarini ham qaytarib ola boshlagan. Batareyalarning o‘z-o‘zidan yonib yo portlab ketishi sababli yuzaga kelgan bu ko‘ngilsizlik oqibatida Samsung 5 milliard dollardan oshiq ziyon ko‘rgan. Bundan tashqari, shu bois kompaniyaning obro‘si ancha tushib ketdi, keynchalik Galaxy S8 modelini chiqaribgina Samsung o‘zining obro‘sini tiklab oldi.

Note 7 rusumidagi gadjetlarning yonib ketishiga faqatgina batareyalardagi nuqsonlar sabab bo‘lganligi tekshiruvlar natijasida aniqlangach, mazkur modelni qayta tiklab savdoga chiqarishga qaror qilindi.

Samsung kompaniyasining xabariga ko‘ra, yangilangan Galaxy Note 7 qurilmalarining boshqa mamlakatlarda savdoga chiqarilishi masalasi keyinroq hal etiladi.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!