Yangisidan bor!

Yangisidan bor!

Mana, iyul oyining so‘nggi kunlari ham o‘tib bormoqda. Ushbu oxirgi ikki hafta ichida texnoolamda ko‘plab o‘zgarish va rivojlanishlar yuz berdi. Mana shunday yangiliklar qatorida shu muddat ichida Google Play Store'da e’lon qilingan va yangilangan ilovalar ham bor. Ayni damda Terabayt sahnasida iyul oyining ikkinchi yarmidagi eng ommabop Android o‘yin va ilovalari top beshtaligini taqdim etamiz. 

5. Eluna (Elune)

  • Hajmi: 85 MB
  • Reytingi: 4.2
  • Yuklashlar soni: 100 000+
  • E’lon qilingan sanasi: 23-iyul

Eluna'ni avval mashhur bo‘lgan Eluna Saga o‘yinining davomchisi, desak ham bo‘ladi. O‘yin aksariyat rol o‘ynaladigan (RPG) «Gacha» o‘yinlari kabi o‘ynaladi. Ma’lumot uchun, «Gacha» 2017-yilda ommalashgan o‘yin turi hisoblanadi. Turli toifalardan bir qator o‘yinchilar tanlab olib, ularning darajasini oshirasiz va raqiblarga qarshi jangga tushirasiz. O‘yinda, shuningdek, RPG o‘yinlariga xos bo‘lgan videoseanslar, kuchli syujet, onlayn o‘ynash funksiyasi va boshqa xususiyatlar mavjud. Ammo, ilova ochilayotganda, ba’zan kichik muammolar yuzaga keladi. Biroq GAMEVIL'dagilar buni tuzatishsa, Eluna ushbu janr o‘yinlari ichida eng yaxshilaridan biri bo‘lishiga shubha yo‘q. O‘yinni mana bu yerdan Android'ingizga yuklang.

4. Shootout 3D

  • Hajmi: 35 MB
  • Reytingi: 4.3
  • Yuklashlar soni: 1 million+
  • E’lon qilingan sanasi: 16-iyul

O‘yin shartiga ko‘ra, aybsiz fuqarolarni salbiy qahramonlardan xalos qilib, ularning xaloskoriga aylanishingiz kerak. 

O‘yin sodda o‘ynaladi. Qahramonlarni harakatlantirish uchun chap va o‘ng tomon svayplaridan foydalanasiz. O‘q otish uchun ekranga bosish yetarli, biroq oddiy fuqaroni otib qo‘ymaslikka harakat qiling. Aks holda, «game over»! O‘yin oxirida, g‘olib bo‘lish uchun yovuzlar boshlig‘iga qarshi kurashga kirishasiz. 

O‘yinning o‘ziga xosligi sodda o‘ynalishi, rang-barang va minimal dizaynidir. Mana bu yerdan ilovani yuklang.

3. Mr Bullet - Spy Puzzles

  • Hajmi: 38 MB
  • Reytingi: 4.3
  • Yuklashlar soni: 5 million+
  • Yangilangan sanasi: 26-iyul

Ayg‘oqchilikka qiziqasizmi? Unda, Mr Bullet siz uchun. O‘yinda sizdan dushmanlarni yo‘q qilish uchun aynan ayg‘oqchi sifatida harakatlish talab qilinadi. O‘yin davomida nishonga olish qobiliyatlaringizni namoyon qilishingizga to‘g‘ri keladi. Afsonaviy ayg‘oqchi sifatida o‘z ayyorona xislatlaringizni ham ishga solasiz. Chellenjlarga tayyor bo‘lsangiz, ilovani yuklang

2. OnPipe

  • Hajmi: 41 MB
  • Reytingi: 4.4
  • Yuklashlar soni: 1 million+
  • E’lon qilingan sanasi: 26-iyul

O‘yin juda oddiy bo‘lib, unda siz sovun, jo‘xori, maysa va boshqalarni parchalashingiz kerak. Sizdan faqat to‘siqlarga ehtiyot bo‘lish talab qilinadi. Parchalangan buyumlarni to‘plab, ularni sotasiz. Shunda yanada qiziq bo‘lgan keyingi bosqichlar ochiladi. O‘yinning o‘ziga xosligi uning soddaligi, parchalanadigan buyumlarning xilma-xilligi va vizual effektlarning o‘ziga xosligidadir. Balki shu uchun ham bir milliondan ortiq foydalanuvchi ilovani yuklagandir. 26 mingdan ortiq izohlarga ko‘ra, OnPipe 4.4 ball bilan baholangan. Siz ham yuklang.

1. Gallery Go 

  • Hajmi: 9 MB
  • Reytingi: 4.4
  • Yuklashlar soni: 100 000+
  • E’lon qilingan sanasi: 23-iyul

Gallery Go — Google'ning yangi ilovasi. Oddiy qilib aytganda, dastur xuddi Google Photos kabi ishlaydi va dizayni ham o‘xshash, biroq undan farqi Gallery Go'dan butunlay offlayn rejimda foydalanish mumkin. Ilova rasmlaringizni avtomatik ravishda tartibga keltirib, ularni qidirib topishni osonlashtiradi. Google'dagilar yangi ilovaga, shuningdek, rasmlarni boshlang‘ich darajada tahrirlash funksiyasini ham qo‘shgan. Sodda interfeys va boshqaruvga ega ilova qidirayotganlar uchun Gallery Go ayni mosdir. Ilovani Play Store'dan yuklash uchun bu yerga bosing

 

O‘QING: Internetingiz sekinmi? Google siz uchun Gallery Go ilovasini taqdim etdi! (+video)

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.