Yashirin selfi-kamerali ilk smartfon savdoga chiqiboq rekord o‘rnatdi

  •   DiMaX
  •  1583
  •  11.09.2020 06:35

Yashirin selfi-kamerali ilk smartfon savdoga chiqiboq rekord o‘rnatdi

Xabaringiz borki, ZTE kompaniyasi yaqinda ekranosti kamerali ilk tijoriy smartfon – Axon 20 5G modelini taqdim etgan edi. Lekin uning hali sotuvga chiqmasidanoq tarqalgan «jonli» suratlari hafsalani pir qilgan.

O‘QING: Xiaomi Mi 10 Ultra’da yashirin kamera qanday ishlashini «jonli» videoda tomosha qilamiz!

Rasmiy namoyishidan 10 kun o‘tib, bu inqilobiy smartfon savdoga qo‘yildi. Maxfiy selfi-kamera texnologiyasi xitoyliklarni shu qadar qiziqtirgan ekanki, ZTE Axon 20 5G modelining birinchi partiyasi 60 soniyaga ham yetmasdan sotilib ketdi.

Bu yutuq haqida Weibo ijtimoiy tarmog‘i orqali ZTE rahbari Lu Syanxao bayonot bergan. Uning ta’kidlashicha, faqatgina Jingdong onlayn savdo platformasining o‘zidayoq 100 000 donadan oshiq oldindan buyurtma rasmiylashtirilgan ekan.

Axon 20 5G’ning asosiy o‘ziga xosligi – uning displeyi ostiga yashirilgan «ko‘rinmas» old kamerasidir. Qolgan jihatlariga ko‘ra u oddiy o‘rta narxli smartfon hisoblanadi: 6,92 dyuymlik OLED-displey yupqa romlarga ega bo‘lib, 90 gerslik kadr yangilanish chastotasiga ega.

Bu gadjetning «elektron yuragi» – Snapdragon 765G mobil platformasi bo‘ladi. Ekranosti kamera aniqligi 32 megapiksellik bo‘lsa, korpusning orqa panelida 64, 8, 2 va 2 megapiksellik sensorlarni o‘zida jamlagan kvadrokamera mavjud.

O‘QING: Yashirin kuzatuv vahimasidan butkul xalos etuvchi smartfon chiqdi

Axon 20 5G narxlariga kelsak, Xitoyda uni tezkor/ichki xotira hajmiga ko‘ra quyidagicha sotishyapti:

6/128 gigabaytligi – $322 (2 198 yuan);

8/128 gigabaytligi – $366 (2 498 yuan);

8/256 gigabaytligi – $410 (2 798 yuan).

Shunisi ham borki, Xiaomi undan ham avval ekranosti kamera (yoki yashirin kamera) qo‘llanuvchi smartfonini «jonli» videoda ko‘rsatgan edi. Kompaniyaning o‘zi taqdim etgan reklama videosidan tashqari, keyinchalik xitoylik bir texnobloger shu texnologiyaga ega smartfonni o‘zi «jonli» tarzda, marketing bezaklarisiz videoga olib e’lon qilgan. Uning qo‘lida «Xitoycha Apple»ning yubiley superflagmani – Xiaomi Mi 10 Ultra modelining maxsus versiyasini ko‘ramiz.

O‘QING: Xiaomi Mi 10 Ultra’da yashirin kamera qanday ishlashini «jonli» videoda tomosha qilamiz!

 

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!