Yilning eng intizorlik bilan kutilgan smartfonlari – iPhone 15 seriyasi rasman USB-C bilan taqdim qilindi!

Yilning eng intizorlik bilan kutilgan smartfonlari – iPhone 15 seriyasi rasman USB-C bilan taqdim qilindi!

Yilning eng intizorlik bilan kutilgan smartfonlari – iPhone 15 seriyasi rasman taqdim qilindi. Apple kompaniyasi kecha o'zining Wonderlust taqdimotida Watch Series 9, hamda, Watch Ultra 2 aqlli soatlaridan so'ng yangi avlod iPhone'larini namoyish qildi. 

iPhone 15 | iPhone 15 Plus

Keling eng avvalo yangi iPhone'lardan eng ko'p talab qilingan va bir necha yildan beri mish-mish qilib kelinayotgan xususiyatdan boshlasak. USB Type-C. Ha, iPhone 15 seriyasi vanihoyat rasman USB Type-C porti bilan taqdim qilindi (rahmat Yevropa?). Yangi avlod iPhone'lari bilan Apple o'zining Lightning'idan voz kechdi. Endi sizga yangi Ayfoninigizni quvvatlash uchun alohida kabel kerak emas. Siz uni Mac yoki iPad planshetingizning USB-C kabeli orqali quvvatlay olasiz. Yoki Android'chi do'stingizdan Type-C quvvatlagichini so'rab turishingiz ham mumkin.

Yangi port va kabeldan tashqari oddiy iPhone 15 va iPhone 15 Plus modellari kutilgan o'zgarishni qabul qilishgan. Endi ular ham o'tgan yilgi iPhone 14 Pro modellarida bo'lgani kabi dinamik orolga ega. Foydalanuvchilarga bildirishnomalar va jonli faoliyatlar bilan ishlashda o'zgacha tajriba ulashadigan tirqish Face ID uchun talab qilinadigan sensorlar va 12 megapikselli kamerani o'z ichiga oladi. 

iPhone 15 va iPhone 15 Plus mos ravishda 6.1 va 6.7 dyuymli o'lchamdagi Super Retina XDR (OLED) displeyiga ega bo'lib, kichigining piksellar rezolyutsiyasi 2556×1179 bo'lsa, kattasiniki 2796×1290 hisoblanadi. Ularning ikkovi ham 2000 nit maksimal yorqinlikka chiqa oladi. Ekran barmoq izlariga qarshi oleofob qatlamga ega. Qurilmaning suv va changga chidamliligi IP68 bilan baholangan.

 

USB-C va dinamik oroldan tashqari iPhone 15 va iPhone 15 Plus yana bir katta yaxshilanishga ham erishgan. Endi boshlang'ich modeldagi iPhone'lar ham 12 MP emas, balki 48 MP asosiy kameralar bilan ta'minlanishgan. Ushbu f/1.6 diafragmali kameralar 4K formatida soniyasiga 60 kadrgacha video tasvirlar olishi mumkin. Ikkinchi kameraga kelsak, u 12 MP ultra-keng linza bo'lib, uning ko'rish maydoni 120 gradusni tashkil qiladi va u telefoto (2x) o'rnini ham bosa oladi. Qo'shimchasiga, kompaniyaga ko'ra endi siz odam, kuchuk yoki mushukni portret suratini olish uchun portret rejimiga o'tishingiz shart emas – ularni suratga olayotganingizda iPhone avtomatik tarzda fokus (chuqurlik) ma'lumotlarini saqlab qoladi va siz keyinroq Suratlar ilovasida tasvirni xohlasangiz portret holatiga o'tkazishingiz mumkin bo'ladi.

 

A16 Bionic chipi ortiq iPhone 14 Pro smartfonlari uchun eksklyuziv emas, chunki u endi iPhone 15 va iPhone 15 Plus smartfonlariga ham o'rnatilgan. Odatda Apple o'z iPhone'lari batareyasi hajmini ochiqlamaydi, lekin kompaniyaning ta'kidlashicha, iPhone 15 batareyasi 20 soat, iPhone 15 Plus batareyasi esa 26 soat video ko'rishga yetadi. Yangi USB-C porti iPhone'larni necha vatt tezlikda zarydlashi aniq emas, lekin kompaniyaga ko'ra siz 30 daqiqada 50% natijaga erishasiz. Albatta, simsiz zaryadlash imkoniyatlari ham bor: MafSafe bilan 15 Vt tezlikda. Shubhasiz, iPhone 15'lar iOS 17 versiyasi bilan keladi. Ushbu yangilanish ular kontaktlar uchun posterlar, NameDrop – boshqalar bilan kontakt alishish, jonli stikerlar va boshqalar bilan keladi.

Shuningdek, Apple o'zining iPhone smartfonlariga Roadside Assistance, ya'ni "yo'lda yordam berish" xususiyatini qo'shayotgani ham ma'lum bo'ldi. Bu o'tgan yilgi sun'iy yo'ldosh orqali ishlaydigan favqulodda holat funksiyalariga qo'shimcha bo'lib, bunda u sizga antenna chiqmaydigan yo'lda shinangiz teshilib yoki yoqilg'ingiz tugab qolib ketgan vaqtlarda yordam chaqirish imkonini beradi. Ushbu funksiya hozircha faqat AQShda ishlaydi. 

iPhone 15 va iPhone 15 Plus och havorang, pushti, sariq, yashil va qora ranglarda taklif qilinadi. Xotira konfiguratsiyalariga qarab ularning narxlari quyidagicha:

  • iPhone 15 – 128 GB – 799 dollar
  • iPhone 15 – 256 GB – 899 dollar
  • iPhone 15 – 512 GB – 1099 dollar

  • iPhone 15 Plus – 128 GB – 899 dollar
  • iPhone 15 Plus – 256 GB – 999 dollar
  • iPhone 15 Plus – 512 GB – 1099 dollar

Qutida siz smartfon va USB-C kabelini qabul qilib olasiz.

iPhone 15 Pro | iPhone 15 Pro Max

Pro modellarga keladigan bo'lsak, ular ham, albatta, USB-C portiga ega. Bundan tashqari muhim yangilik: ular titan korpusga ega! Bu esa yuqori darajadagi himoya va shu bilan birga yengil smartfon degani. Va bu hali hammasi emas. Yangi Pro modellar bilan Apple o'z smartfonlarida ovozni o'chirish tugmasini yangilamoqda. iPhone 15 Pro va Pro Max chap yon tomonidagi ovozni balandligini boshqarish tugmalari tepasida avvalgidek suriladigan tugma emas, balki yangi, bosiladigan tugma joylashgan. Biroq, tugma vazifasi standart holatda o'zgarmagan – uni bosib turish bilan smartfon ovozini o'chirib qo'yishingiz mumkin – aksincha u endi ko'prog'iga qodir. Masalan, siz uni kamerani ochishga yoki chiroqni yoqishga sozlab qo'yishingiz mumkin.  

iPhone 15 Pro modellari namoyishida Apple mobil geymingga alohida to'xtaldi, chunki smartfonlar yuqori grafikali o'yinlarni ko'tara oladigan A17 Pro chipi bilan jihozlangan. Gap shundaki, Apple o'zining yangi Pro smartfonlariga 6 yadroli yuqori sinf grafik kartasini o'rnatgan va u o'yinlarda nurlarni kuzatish kabi ishlarda yordam beradi. Ma'lum bo'lishicha, Resident Evil Village, qayta ishlangan Resident Evil 4 va keyingi yil mobil qurilmalarga chiqarilishi kutilayotgan Assasin's Creed: Mirage o'yinlari iPhone 15 Pro smartfonlariga keladi.

Kameralar haqida gaplashadigan bo'lsak, ularning asosiysi 48 MP bo'lsa, qolgan ikkitasi 12 MP va ular ultra-keng hamda telefoto sensorlardir.

iPhone 15 va iPhone 15 Plus modellarining 2-avlod USB Type-C portidan farqli o'laroq Pro modellar 3-avlod USB Type-C ulanishiga ega va bu bilan qurilma ma'lumotlarni USB 2 dan ko'ra 20 karra tezroq o'tkaza oladi. Bundan tashqari Pro modellarning Wi-Fi 6E texnologiyasini qo'llab-quvvatlashi ularni oddiy modellardan ajratib turadi (ular Wi-Fi 6 versiyasida ishlaydi). 

Garchi yuqori versiyasidagi USB ulanishiga ega bo'lsa ham, Pro modellar quvvatlanishi oddiylariniki bilan bir xil: 30 daqiqada 50% sim orqali, MagSafe bilan esa 15 Vt tezlikda. Biroq batareya Pro modellarda uzoqroqqa yetadi. Masalan, siz iPhone 15 Pro Max modelida 29 soatgacha, Pro modelida esa 23 soatgacha video tomosha qilishingiz mumkin.

iPhone 15 Pro va iPhone 15 Pro Max modellari qora titan, oq titan, ko'k titan va tabiiy titan ranglarida taklif qilinadi. Xotira konfiguratsiyalariga qarab ularning narxi quyidagicha:

  • iPhone 15 Pro – 128 GB – 999 dollar
  • iPhone 15 Pro – 256 GB – 1099 dollar
  • iPhone 15 Pro – 512 GB – 1299 dollar
  • iPhone 15 Pro – 1 TB – 1499 dollar

  • iPhone 15 Pro Max – 256 GB – 1199 dollar
  • iPhone 15 Pro Max – 512 GB – 1399 dollar
  • iPhone 15 Pro Max – 1 TB – 1599 dollar

E'tibor bergan bo'lsangiz, Pro Max modeli o'tgan yilgisiga qaraganda 100 dollar qimmatroq, lekin shu bilan birga uning xotirasi 128 GB emas, balki 256 GB dan boshlanadi. Sotuvlar rasman 22-sentabrdan boshlanadi.