Yilning eng zo‘r yuk mashinasi unvoni sohibi ma’lum bo‘ldi
Bu yil yuk avtotransporti segmentida eng zo‘r og‘ir yuk tashuvchi brend sifatida Ford F-Max tan olindi. Bu haqda bugun kechqurun Germaniyaning Gannover shahrida bo‘lib o‘tayotgan tijorat avtotransportlar ko‘rgazmasida (IAA) rasman e’lon qilinadi.
Ford yuk tashigichining g‘alabasi shu jihati bilan qiziqki, mazkur brend Yevropadagi yuk tashish transportlarini ishlab chiqaradigan kompaniyalarning “katta yettilik” (Mercedes-Benz, MAN, DAF, Iveco, Scania, Volvo va Renault) guruhiga kirmaydi.
F-Max og‘ir yuk avtotransporti turbodizel dvigateli bilan jihozlangan. Uning sig‘imi 12,7 litr, quvvati 500 ot kuchiga teng (2500 N∙m). Motori avtomatik 12-bosqichli uzatma korobka ZF TraXon bilan ishlaydi.
O‘QING:T/Log: dunyodagi ilk yog‘och tashiydigan kabinasiz elektr yuk mashinasi
Yana shunisi ma’lumki, Ford yuk tashigichlari Turkiyada yig‘iladi va kutilishicha, ishlab chiqaruvchi avtomobilning turli variantlarini taklif etadi. Yangi mashinaning narxi hozircha aytilmayapti, ammo, shunisi ayonki, uning narxi raqobatchilar narxiga teng bo‘ladi yoki biroz ozroq bo‘lishi mumkin.
«Yil yuk tashigichi” mukofoti har yili yevropalik avtomobilsozlik sohasini yoritib keladigan jurnalistlar guruhi tomonidan oxirgi 12 oy davomida ishlab chiqarilishi boshlangan avtomobil markalariga beriladi. O‘tgan yili ushbu bosh mukofot DAF XF/CF markasiga berilgan edi. Ford kompaniyasi esa ushbu sovrinni oxirgi marta 1982 yilda Cargo modeli uchun olgandi.