Yo‘lda radar bormi? Unda bu haqda Waze orqali xabar bering

Yo‘lda radar bormi? Unda bu haqda Waze orqali xabar bering

Garchi bizda begona manzillarni so‘rab topishga o‘rganishgan bo‘lsa-da, hozirda turli navigator va elektron xaritalardan foydalanish ommalashib bormoqda. Bu borada Google Maps, Yandeks Karti, Here Maps, Apple Maps kabi xarita-servislarni misob qilib keltirish mumkin. Ammo  bundan bir necha yil oldin chiqarilgan va Google tomonidan sotib olingan Waze navigatori tezda ko‘pchilikning mehrini qozondi va butun jahon bo‘ylab ommalashib ketdi. Bunga sabab Waze navigatori o‘zida shunchaki xarita funksiyalarini jamlab qolmay, balki haydovchilar uchun ijtimoiy tarmoq vazifasini bajarganidir.

Navigator + ijtimoiy tarmoq

Oddiy qilib tushuntirsak, Waze navigatorida nafaqat o‘zingizni, balki bir vaqtning o‘zida do‘stlaringizni ham xaritada ko‘rishingiz mumkin. Bunday tashqari ular bilan chat oynasida suhbatlashish funksiyasi ham bor. Qiziq, to‘g‘rimi?!

Waze odamlar uchun shunchaki navigator vazifasini bajarmaydi, u haydovchilar va piyodalar uchun muyayyan ekotizimga aylangan. Ya’ni odamlar yo‘ldagi hodisalarni navigator ilovasiga kiritish orqali boshqalarga xabar berishi mumkin. Misol uchun, tirbandlik, yo‘ldagi ta’mirlash ishlari, kamera yoki radarning mavjudligi, avariyalar, AYoQSh va hatto undagi narxlar, eng qizig‘i yo‘ldagi chuqurlar haqidagi ma’lumotlarni bevosita ilovaning o‘zida ulashish imkoniyati mavjud.

Interfeys

Qulay va ortiqcha detallardan xoli interfeys ushbu navigatorning eng asosiy afzalliklaridan biridir. Waze xizmatida harakatni 2D va 3D shaklda kuzatish mumkin. Undagi bajariladigan funksiyalar boshqa navigatorlardan sezilarli darajada ko‘proq. Yo‘ldagi hodisalar haqidagi xabarlarni ilovaga haydovchilar qo‘shadilar.

Ilova harakat yo‘nalishini animatsiya bilan ko‘rsatadi. Bu esa manzilni aniq bilishda qo‘shimcha qulaylik yaratadi.

Bundan tashqari, ilovaga turli bildirishnomalarni oldindan sozlash ham mumkin. Masalan, avtomobildan chiqayotganda hech narsani esdan chiqarmaslik uchun signal berish opsiyasini yoqsangiz, safar tugagach u sizga bu to‘g‘rida xabar beradi.

Yana bir qulaylik. Waze ilovalariga (iOS va Android) o‘zbek tili ham qo‘shilgan bo‘lib, hozirda yanada takomillashtirilmoqda.

Manzilni qidirish

Waze interfeysida biror manzilni qidirish juda oson. Shunchaki manzil nomini qidiruv satriga kiritish kifoya. Xizmat o‘zi siz uchun optimal va yaqin bo‘lgan yo‘lni tanlaydi. Misol uchun, u marshrutni tirbandlar yoki yopiq yo‘llarni aylanib o‘tgan holda sozlaydi. Bu esa kishilarning vaqtini tejashga va manzilga salomat yetishiga yordam beradi.

Zo‘r opsiya: yo‘ldagi kamera haqida xabar berish

Ayni paytda yurtimizning turli joylarida fotoradar va kameralar  o‘rnatilmoqda. Bu albatta odamlarning xavfsiz harakatlanishini ko‘zlab qilinyapti. Biroq jarimalar ham arzon emas. Shuning uchun Waze ilovasiga biror manzildagi kamera, fotoradar haqidagi ma’lumotni kiritsangiz, qolgan haydovchilar o‘sha yerdan o‘tganda bu haqda xabardor bo‘lishadi va tezlik oshirmaslikka harakat qilishadi. Bu barcha uchun foydali, albatta.

 

Hozircha shu. Ushbu navigatorning har bitta funksiyasi haqida keyinroq qisqacha ma’lumot berib boramiz.