Yosh firibgar bo‘sh qutilar yordamida Apple’ni million dollarga tushirdi!

  •   DiMaX
  •  1204
  •  15.05.2019 13:35

Yosh firibgar bo‘sh qutilar yordamida Apple’ni million dollarga tushirdi!

Yirik texnologik kompaniyalar ham firibgarlik qurboni bo‘lib qolayotgani haqidagi xabarlarga duch kelib turamiz. Qizig‘i – ushbu jinoyatlarni amalga oshirayotganlarning aksariyati yoshlar bo‘lib, firibgarlikning antiqa sxemalarini o‘ylab topishadi.

O‘QING: Xitoylik ikki talaba qalbaki iPhone’lar bilan Apple’ni salkam million dollarga tushirdi!

AQShda aynan kupertinolik gigantga nisbatan qilingan yana bir firibgarlik fosh etildi. Michigan shtatida yashovchi 25 yashar Van-Seyla Mork (Van-Seyla Mork) bo‘sh qutilar yordamida Apple’dan pul undirish yo‘lini topgan.

Mork kompaniyaning onlayn-do‘konidan turli tovarlarni xarid qilgan kishilarning ma’lumotlar bazasiga kirish yo‘lini topgan. Keyin esa qo‘llab-quvvatlash xizmatiga bir necha bor murojaat etgan. Bunda u har gal o‘zini xaridorlardan birining nomi bilan tanishtirib, buyurtma qilingan tovar o‘rniga bo‘sh quti kelganini aytgan. Isbot sifatida u ichi ochilgan bo‘sh qadoq suratlarini taqdim etgan. Apple ishonchni yo‘qotmaslik uchun unga o‘sha tovar pulini qaytarib bergan, Mork esa bu mablag‘larni har gal turli bank hisoblariga tushirgan.

Nihoyat, mazkur firibgarlik sxemasi fosh etilgan va Van-Seyla Mork kompaniyaga jami bir million dollar atrofida ziyon yetkazgani aniqlangan. Endi unga 250 ming dollarlik jarima hamda 20 yillik qamoq jazosi tayinlanadigan bo‘lib turibdi. Hozircha aybini bo‘yniga olgani sababli uni garov evaziga ozodlikka chiqarishgan, yakuniy hukm esa 21 oktyabrda o‘qilishi kutilmoqda.

O‘QING: Samarqandda 60 yashar kiber jinoyatchiga hukm o‘qildi (+video)

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!