Yoshlar uchun Edu Market interfaol-virtual ta’lim dasturi taqdim etildi

  •   DiMaX
  •  4274
  •  17.02.2020 17:49

Yoshlar uchun Edu Market interfaol-virtual ta’lim dasturi taqdim etildi

Joriy yilning 15 fevral kuni Toshkent shahridagi Inha universitetida Edu Market interfaol-virtual ta’lim dasturining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi xabar bermoqda.

O‘QING: Bir million dasturchi qanday tayyorlanadi?

Prezidentmiz Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga murojaatida taraqqiyotga erishish uchun raqamli bilimlar va zamonaviy axborot texnologiyalarini egallashimiz zarur va shart ekanligini ta’kidlagan edi.

O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi yoshlarga zamonaviy texnologiyalar yordamida bilim berish maqsadida Edu Market loyihasini ishlab chiqdi.

Mazkur platforma Game Zale kompaniyasi tomonidan yaratilgan bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi Innovatsiya, texnologiya va strategiya markazi tomonidan tatbiq qilingan.

Platforma zamonaviy texnologiyalar dunyosida bolalarning rivojlanish mashqlari shaklida (yoshga qarab sinflarni tanlash orqali) teng imkoniyatlarni ta’minlash, IT ko‘nikmalar hamda diqqat, xotira va mantiqiy fikrlashni rivojlantirishga qaratilgan.

Ushbu platforma ta’lim faoliyatida yangi usul va uslublarni yaratib, uning sifatini oshirish uchun katta imkoniyatlarni taqdim etadi. Shubhasiz, bu o‘qituvchining o‘quv va ilmiy-tadqiqot faoliyatida o‘z ustida ishlash lozimligini talab qilib, o‘quvchilarning bilim faolligini oshiradi. O‘quv jarayonini yanada yorqinroq va qiziqarli qiladi.

Hozirgi kunga kelib, platformaning demo-versiyasi Toshkent shahridagi 94-umumta’lim maktabida boshlang‘ich sinf o‘quvchilari orasida sinovdan o‘tkazildi. Edu Market bolalarning ta’limga qiziqishini oshirishda samarali o‘qitish vositasi bo‘lib xizmat qiladi.

Platformaning tarkibiy qismlariga virtual maktab, virtual kutubxona, onlayn o‘qitish tizimi, o‘quvchilarning onlayn o‘zlashtirish statistikasi, o‘quv mashg‘ulotlarini muvaffaqiyatli yakunlash uchun o‘quvchilarni rag‘batlantirish tizimi va boshqalar kiradi.

O‘QING: Smartfonlar IMEI-kodlarini ro‘yxatga olishni bepul qilish mumkin!

Ilovaning demo-versiyasini sinovdan o‘tkazishda eng yuqori ball to‘plagan g‘oliblardan biri 94-maktabning 1-«G» sinf o‘quvchisi Safira Dusmuxamedova Edu Market haqida shunday dedi: «Menga dastur birinchi foydalanishdayoq yoqdi, u juda maroqli va qiziqarli dastur ekan. Uning yordamida siz yangi bilimlarni o‘rganishingiz mumkin. Men hammaga Edu Market’dan foydalanishni maslahat beraman».

Toshkent shahridagi 94-o‘rta maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Daniya Aminova Edu Market haqida: «1-sinf o‘quvchilarini kuzatar ekanman, bolalarning ko‘zlarida shijoat va ishtiyoqni ko‘rdim. Mazkur platforma har tomonlama sayqallanib yaratilgan. Muayyan tilda so‘zlashish to‘sig‘iga uchragan o‘quvchilar qolgan tengdoshlari bilan birga baravar, ishtiyoq bilan mashqlarni ishlab, aksariyati yaxshi natijalarga erishdi. Shundan anglash mumkinki, o‘quvchilarda ilm olishga ishtiyoq paydo bo‘ldi va yangi bilimlarga o‘rganishga qiziqish ortdi».

– Hozirgi kunda o‘quvchilar ko‘p vaqtini smartfon yoki planshetlardan foydalanib o‘tkazadi. Shuni inobatga olib, bolalarga vaqtlarini samarali foydalanishlari uchun yangi platformani yaratdik. Edu Market loyihasi orqali ularga bilim olish uchun yangi imkoniyat berish bilan birga bilim olish qiziq ekanini ko‘rsatmoqchimiz. Kelajakda Edu Market tizimi orqali yoshlar uchun foydali, kasb egallash imkoniyatini beruvchi ma’lumotlar berib borish rejalashtirilgan. Jumladan, yuqori sinf o‘quvchilariga internet orqali qonuniy pul ishlash imkoniyatlarini o‘rgatish ham rejalashtirilgan. Bu esa ularning kelajakda qo‘shimcha daromad topishlariga imkoniyat yaratadi, – dedi Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov.

Tantanali marosim davomida platformani sinovdan o‘tkazish tanlovida mashqlarni muvaffaqiyatli bajargan eng yaxshi top-10 reytingga kirgan o‘quvchilarga tadbir tashkilotchilari tomonidan sertifikat va sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Edu Market ilovasini Google Play Market’dan ushbu havola orqali yuklab olish mumkin.

O‘QING: O‘zbekistonlik dasturchi O‘zAga zo‘r taklif bilan chiqdi