YouTube o‘n besh yoshda: eng yirik videoxosting haqida 10ta qiziq fakt (+video)

  •   DiMaX
  •  2039
  •  15.02.2020 14:41

YouTube o‘n besh yoshda: eng yirik videoxosting haqida 10ta qiziq fakt (+video)

Dunyodagi eng ommabop videoxosting bo‘lgan YouTube kuni kecha – 2020 yilning 14 fevralida 15 yoshga to‘ldi. Shuning sharafiga loyiha dasturchilari u haqidagi ayrim statistik ma’lumotlarni ulashishgan.

O‘QING: Xakerlar qamoqxona kameralariga kirib, mahbuslar hayotini YouTube’da ko‘rsatishdi

YouTube haqida yuqoridagi ma’lumotlar asosida tayyorlangan o‘nta faktni e’tiboringizga havola etamiz.

  1. Mazkur videoxostingning «tug‘ilgan» kuni – 2005 yilning 14 fevralidir. Ayni shu sanada YouTube domeni ro‘yxatga olingan.
  2. YouTube’dagi ilk videorolik o‘sha 2005 yilning 23 aprelida paydo bo‘lgan. Davomiyligi 18 soniyaga teng bo‘lgan, «Men hayvonot bog‘idaman» nomli ushbu lavhani videoxostingga asos solgan dasturchilardan biri – Joved Karim (Jawed Karim) joylagan:

  1. Mazkur servisning asosiy o‘ziga xosligi – istalgan internet-foydalanuvchiga biror fikr bildirish va axborot olish imkonini taqdim etishidir. YouTube saytida har kim ham o‘z kanalini ochishi mumkin va buning eng oson yo‘li to‘g‘risida biz batafsil yo‘riqnoma e’lon qilganmiz. Videoblogerlar o‘z auditoriyasini topishlari, bu borada yutuqlarga erishishlari faqatgina tomoshabinlarning qiziqishlariga bog‘liqdir.

O‘QING: Yuz million obunachisi bor vloger YouTube’ni nega tark etyapti?

  1. Ayni damda butun dunyodan har oyda ikki milliarddan oshiq foydalanuvchi YouTube’ga kiradi. Ushbu videoxostingga har bir daqiqada umumiy davomiyligi 500 soatlik video yuklanadi.
  2. Yiliga dollarda besh xonali sonlar bilan o‘lchanuvchi darajada daromad olayotgan YouTube-blogerlar soni o‘tgan yilgiga nisbatan 40 foizdan oshiqqa ko‘paygan. Bundan tashqari, 170 mingdan oshiq YouTube-kanallarning yuz ming nafardan oshiq obunachisi bor.
  3. YouTube servisining o‘zi ham sifatli oilaviy kontent uchun yaxshigina mablag‘ sarflab kelayotir. Kompaniyaning 100 million dollarlik jamg‘armasi mavjud bo‘lib, uni videoxostingda va «Bolalar uchun YouTube» ilovasida bolalarbop qiziq hamda original kontent yaratishga yo‘naltirishgan.

O‘QING: 2019 yilda eng ko‘p pul topgan YouTube-blogerlar: kuchli uchlikda ikkita bolakay!

  1. YouTube jamoasi tegishli qoidalarni buzuvchi roliklarni jiddiy nazorat qilib boradi. O‘tgan yilning uchinchi choragidagina kompaniya bahsli kontentga ega bo‘lgan 8,7 milliondan oshiq videoni o‘chirib tashlagan.
  2. Keyingi ikki yil mobaynida YouTube platformasining qoidalariga 50 dan oshiq turli o‘zgarishlar kiritilgan.
  3. Bugunga kelib YouTube’ga yuklanayotgan barcha videolavhalar orasida bahsli kontent ulushi bir foizga ham bormaydi.
  4. O‘tgan yilning to‘rtinchi choragida YouTube daromadi salkam 5 milliard dollrga yetgan! 2019 yil yakunlariga ko‘ra, videoservis taxminan 15 milliard dollar foyda keltirgan bo‘lib, bu Google kompaniyasi daromadining 10 foizini tashkil etadi. Bir yil avvalgi holat bilan taqqoslaganda, YouTube bultur 36,5 foizga ko‘proq daromad keltirgan. Taqqoslash uchun: bu ko‘rsatkich Facebook reklamadan topayotgan foydaga nisbatan besh karra kam.

O‘QING: YouTube’dagi reklamadan qancha pul tushayotganini Google ilk bor e’lon qildi