YPX inspektorlariga planshetlar berilib, bayonnomalar ham elektron shaklga o‘tadi

  •   DiMaX
  •  1603
  •  02.05.2020 08:54

YPX inspektorlariga planshetlar berilib, bayonnomalar ham elektron shaklga o‘tadi

IIV YHXBB axborot xizmatining ma’lum qilishicha, kecha – 1 may kuni Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Bu yig‘ilishda shahar va tumanlarda faoliyat yuritayotgan vaqtinchalik jarima maydonlarining rahbarlari, shuningdek DYHXXning ma’muriy amaliyot inspektorlari ishtirok etishdi.

O‘QING: YPX xodimining smartfoni bodi-kamera bo‘la oladimi?

Yig‘ilishda karantin davrida va umuman turli qoidabuzarliklar uchun vaqtinchalik jarima maydonlariga kiritilgan transport vositalarini chiqarishning qonuniy yechimlari hamda bu ishda qonun ustuvorligini ta’minlash, korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘rish masalasi muhokama qilindi. Yig‘ilganlarga jarima maydonlarida o‘tkazilgan nazorat tekshiruvlari natijalari e’lon qilinib, aniqlangan kamchiliklar va ularni tezda bartaraf etish choralari ishlab chiqildi.

Ma’lum qilinishicha, Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmatiga ko‘plab innovatsion yangiliklar olib kirilmoqda. Shulardan biri bu harakatlanish xavfsizligini ta’minlash ishlari samaradorligini oshirish maqsadida joriy etilayotgan zamonaviy planshetlardir. Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga asosan, yo‘l-patrul xizmati inspektorlari qoidabuzarliklar sodir etayotgan yo‘l harakati ishtirokchilariga nisbatan elektron tarzda bayonnoma rasmiylashtirish tartibi joriy etilmoqda. Yig‘ilishda planshetlardan foydalanish tartiblari, aynan shunday elektron bayonnomalar rasmiylashtirilgan transport vositalarini jarima maydonlariga olib borish va rasmiylashtirish tartiblari ham muhokama qilinib, bu yo‘nalishda xodimlarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.

O‘QING: «GAI»ning bodi-kamerasini qo‘lda tayyorlasa nima bo‘ladi?

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.