Yubiley superflagmani – Xiaomi Mi 10 Ultra taqdim etildi!

  •   DiMaX
  •  12219
  •  12.08.2020 09:11

Yubiley superflagmani – Xiaomi Mi 10 Ultra taqdim etildi!

Kecha – 11 avgust kuni Xiaomi o‘zining o‘n yilligiga bag‘ishlangan taqdimot tadbirini o‘tkazdi. Unda korporatsiya rahbari Ley Szyun (Lei Jun) nutqidan so‘ng marosimning bosh qahramoni – Xiaomi Mi 10 Ultra smartfoni taqdim qilindi.

O‘QING: Taqdimotdan avval Xiaomi Mi 10 Ultra anboksing videosi: uni chiqarganga million dollar jarima solishdi!

Eslatib o‘tamiz, «Xitoycha Apple»ning o‘n yilligiga bag‘ishlangan flagmani Xiaomi Mi 10 Pro Plus yoki Xiaomi Mi 10s nomlari bilan atab kelinayotgan edi. Xitoyda uni Xiaomi Mi 10 Extreme Commemorative Edition deb nomlashgan bo‘lsa-da, xalqaro bozorga Xiaomi Mi 10 Ultra modeli sifatida chiqariladi.

Kompaniya liderining so‘zlariga ko‘ra, yubiley modelini munosib qilib chiqarish uchun uning dizayni ustida ancha ter to‘kishgan. Umuman, Xiaomi o‘zining barcha so‘nggi texnologik yutuqlarini shu superflagmanga tatbiq etgan.

Smartfonning standart versiyasi orqa paneli keramikadan ishlangan va ikki xil – yorqin va to‘qrang variantlarda chiqarilyapti. Keramik talqindan tashqari, smartfon orqa qopqog‘i shaffof bo‘lgan versiyada ham taqdim etildi.

Xiaomi Mi 10 Extreme Commemorative Edition ekrani OLED-panelli bo‘lib, chetlari qayrilgan. Uning o‘lchami diagonaliga 6,67 dyuymlik, tasvir aniqligi 2340x1080 piksellik (FHD+ formati). Displeyda kadr yangilanish chastotasi 120 gersga teng bo‘lib, u 10 bitlik rang chuqurligiga hamda kengaytirilgan HDR10+ dinamik diapazoni qo‘llab-quvvatloviga ega. Ekranda yorqinlikning avtomatik sozlanishini yuksak darajaga ko‘tarishgan; displeyning maksimal yorqinligi esa 1120 kd/m2’ga teng. Old kamera yuqori chap burchakdagi tirqishga o‘rnatilgan 20 megapiksellik yakka datchikka ega.

Yubiley superflagmanining bosh kamera to‘rt modulli bo‘lib, undagi 48 megapiksellik asosiy sensor elektron va optik barqarorlashtirish tizimiga, 8K rezolyusiyasigacha bo‘lgan sifatda video yozib olishga qodir. Ikkinchi – portret datchigi 12 megapiksellik aniqlikda va 2 karralik optik yaqinlashtirish xususiyatiga ega. Uchinchi – periskopik modul alohida e’tiborga loyiq: unga 10 karralik optik va naq 120 karralik raqamli zum ttabiq etilgan! Va nihoyat, 20 MPlik keng burchakli kamera 120 darajalik ko‘rish burchagiga ega. DxOMark mutaxassislari allaqachon bu flagman kamerasini sinab ko‘rib, maksimal – 130 ball berishgan.

Xiaomi Mi 10 Ultra superflagmani Qualcomm kompaniyasining eng zo‘r – Snapdragon 865+ chipseti emas, balki undan bitta oldingi, «oddiy» Snapdragon 865 protsessori bazasida ishlaydi. Shunga qaramasdan, u AnTuTu benchmarkida barcha rekordlarni sindirgan!

Bu smartfon 16 gigabaytgacha hajmli LPDDR5 toifali tezkor xotira hamda 512 gigabaytgacha hajmli UFS3.1 standartidagi doimiy xotira chiplari biln ta’minlangan. Xiaomi Mi 10 Extreme Commemorative Edition ish jarayonida qizib ketmasligi uchun suyuqlikli sovitish tizimiga hamda haroratni aniq nazorat qilib turuvchi sakkizta datchikka ham ega. Kompaniya uni eng so‘nggi – Wi-Fi 6 moduli hamda stereodinamiklar bilan ham jihozlagan.

Xaomi Mi 10 Ultra modeli simli usulda naq 120 vattlik texnologiya bo‘yicha tezkor quvvatlana oladi va shunday zaryadnik ham qadoqqa solingan. Uning yordamida superflagmanning 4500 mA/soatlik akkumulyatorini atigi 5 daqiqada noldan boshlab 41 foizgacha, 23 daqiqada esa to‘liq quvvatlab ulgurasiz!

Quyida bu superflagmanning quvvatlanish tezligini iPhone 11 Pro Max bilan taqqoslab ko‘rsatishgan:

Bundan tashqari, bu smartfon simsiz usulda ham ancha-muncha flagmandan tezkor – 50 vattlik usulda zaryadlanadi. Reversiv simsiz quvvatlash bo‘yicha ham zo‘r – Xaomi Mi 10 Ultra tegishli texnologiyani qo‘llab-quvvatlovchi gadjetlarga simsiz usulda 10 vattlik tezkor zaryad bera oladi.

Xiaomi Mi 10 Ultra narxlariga keladigan bo‘lsak, tezkor/ichki xotira hajmiga ko‘ra, uni quyidagicha baholashgan:

8/128 gigabaytligi – 760 dollardan;

8/256 gigabaytligi – 805 dollardan;

12/256 gigabaytligi – 865 dollardan;

16/512 gigabaytligi – 1005 dollardan.

Kechaning o‘zida yana Redmi brendining eng zo‘r flagman – Redmi K30 Extreme Commemorative Edition (yoki Redmi K30 Ultra) ham taqdim etilgan, uning xususiyatlari va narxlari bilan mana bu xabarda tanishasiz.

O‘QING: Kutilmagan xavf: Xiaomi smartfonlarida barmoq izi skanerini ham kamera qilib ishlatsa bo‘lar ekan! («jonli» video)

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!