Zamonamizning “eng kuchli protsessor”li 5 ta smartfoni: ta’rif-tavsif, narx-navo  

Zamonamizning “eng kuchli protsessor”li 5 ta smartfoni: ta’rif-tavsif, narx-navo  

So‘nggi yillarda smartfon ishlab chiqarish sanoatida jadal yuksalishlar kuzatilmoqda. Ayniqsa, gadjet samaradorligida muhim ahamiyat kasb etgan protsessorlarning imkoniyati oshib ketdi. Natijada, hatto shaxsiy kompyuterlar bilan raqobat qila oladigan smartfonlar ishlab chiqarilmoqda.

Samaradorlik har qanday qurilmaning muhim jihati. Elektron o‘yinlar ixlosmandi bo‘ladimi yoki veb-dizayner barchaga tezkorlik kerak. Hozirga qadar 1866 MGs chastota tezkorligiga, Adreno 530 videoprotsessoriga ega LPDDR4 turidagi Snapdragon 820 jahonning eng sermahsul ishlovchi elektron mobil vositalar protsessori hisoblanadi.

Smartfonlarning samarali faoliyatini tekshirib ko‘rishga bag‘ishlangan ko‘plab ilova-dasturlar orasida AnTuTu Benchmark ilovasi ommabopligi bois, quyida ayni shu ilovada sinovdan o‘tkazilgan eng kuchli protsessorga ega smartfonlar to‘g‘risida ma’lumot beramiz.

xiaomi-mi5

Xiaomi Mi5

2016 yilda Xitoyda taqdim etilgan eng muvaffaqiyatli smartfonlardan biri bo‘lmish Xiaomi Mi5’ga xos quyidagi 8 jihatni e’tirof etish maqsadga muvofiq.

Dizayn. Shu turdagi gadjetlar kabi Xiaomi Mi5 metall va shisha uyg‘unligidagi korpusga ega. Korpusda foydalanilgan va tatbiq etilgan material hamda detallar yuqori sifatli bo‘lib, shisha va metall bir tekis, nafis uslubda muvofiqlashtirilgan. Uning yanada takomillashtirilgan talqinida tom qismida keramikadan ham foydalanilgan.

Smartfon korpusining ravon va qulay egikligi uni kaftda qulay joylashishiga xizmat qiladi.

Qurilmani o‘chirib-yoqish, ovozni boshqarish tugmasi korpusning yon tomonidan o‘rin olgan va ular ham metalldan ishlangan. Ekran ostidan 3 turdagi klavishlar o‘rin olgan: 2 ta ekran osti chirog‘iga ega sensor klavish hamda barmoq izlari skaneri joylashtirilgan markaziy klavish. Qo‘shimcha datchiklar va kamera, so‘zlashuv dinamiki ekranning yuqori qismidan o‘rin olgan.

Ekran. Devays 5,15 dyuymli IPS displey bilan ta’minlangan. Uning piksellar sig‘imi 1920×1080. Ekran yog‘-moylarni qochiradigan maxsus plenka himoya qatlamiga ega. Rang uzatishda noan’anaviy ranglardan foydalanilgani tufayli ba’zi suratlar Xiaomi Mi5 ekranida hayotdagidan ko‘ra yorqinroq aks etadi. Bu jihat boshqa qurilmalarda ham mavjud. Ekran sozlamasi orqali ranglar kontrastnosti, yorug‘ligini nazorat qilib, mutolaa rejimini yoqish mumkin. Ekran sensori yumshoq va ta’sirchan.

Samaradorlik. Yuqorida aytganimiz kabi, 2016 yilning eng kuchli gadjetlari Snapdragon 820 protsessorida faoliyat ko‘rsatmoqda. Mi5 — shular qatorida. Smartfon turli protsessor tizimlariga ega bir necha talqinda ishlab chiqarilmoqda. Uning tayanch talqini 3 GB tezkor xotira, 32 GB doimiy ichki xotira,  Snapdragon 820: 2×1,36 GGs + 2×1,8 GGs chastota tezligiga ega. Gadjetning o‘rta darajadagi talqinida tezkor xotira 3 GB qolgan, doimiy xotira 64 GBga oshgan. Shuningdek, chastota tezligi o‘sgan: 2×1,6 +2×2,15 GGs. Xiaomi Mi5’ning eng yuqori darajali talqinini “o‘rta daraja”dan 4 GB tezkor va 128 GB doimiy xotira ajratib turadi. Xiaomi Mi5 2 diapazonli Wi-Fi moduli, Bluetooth 4.2 LE, GPS/Glonass/Beidu simsiz aloqa texnologiyalari bilan ta’minlangan. Aytish joizki, Snapdragon 820 avvalgi “ajdodi” kabi, bir zumda qizib ketmaydi va sovutish tizimiga ega.

Multimedia, aloqa qilish. Xiaomi Mi5 qo‘llab-quvvatlaydigan har ikkala Nano SIM-kartalari 3G va 4G aloqa tarmog‘ida bir vaqtning o‘zida ishlashi mumkin. Qurilmada Dinamik ovozi va vibratsiya ham, tarmoqni ushlash sifati yaxshi ishlaydi. Audio-fayllarni o‘qishda Mi5 boshqa smartfonlardan ajralib turadi.

Quvvat ta’minoti. Akkumulyatorning elektr toki sig‘imi 3000 mA soat. Qurilmani quvvatlantirishning bir qancha rejimlari mavjud: 12V/1.5A, 9V/2A, 5V/2.5A. Qurilma 80 minutda to‘la quvvat oladi. Unda quvvatni tejash rejimlari ham bor.

Kamera. Xiaomi Mi5 2 ta kameraga ega. Bosh kamera 16 Mp  bo‘lib, 6 linzali ob’yektiv, ikki tusli fotochaqnoq, optik barqarorlashtirish tizimiga ega. 4 Mp old kamera  80 gradusli ob’yektiv bilan ta’minlangan.

Operatsion tizim. Xiaomi Mi5 Android 6.0 operatsion tizimining moslashtirilgan MIUI 7.2 talqinida faoliyat ko‘rsatadi. Unda “menyu sozlamalari” o‘zgargan. Uning “xitoy” va “xalqaro” proshivka talqinlari mavjud. “Xitoy” talqini ingliz va yana 2 ta xitoy tillarini o‘qiydi. Uning kirillitsa alifbosini o‘qishi unchalik aniq-tiniq emas. Ikkinchi  talqinda esa Mi5 kamroq dastur-ilovalarga ega. Unda Google dastur tillari va xizmatlari o‘rnatilgan. Aytish kerakki, har ikkala proshivka bir qator juz’iy kamchiliklarga ega. Misol uchun, barmoq izlari skaneriga, bosh menyu tugmasiga bir oz tezkorlik yetishmaydi.

Xiaomi Mi5 xalqaro bozorda 389-545 AQSh dollaridan sotilmoqda.

samsung-galaxy-s7-edge

Samsung Galaxy S7 Edge

Mazkur mobil qurilma “Galaxy S” turkumiga oid gadjetlarning so‘nggi va eng innovatsion modeli hisoblanadi.

Dizayn. Garchi, devays ekranining diagonali 5,5 dyuymgacha kattalashgan bo‘lsa ham, ishlab chiqaruvchi qurilma ixchamligini saqlab qolishga muvaffaq bo‘lgan. Dizayn xususida gap ketganida alyuminiy korpusning pishiqligini, shisha himoya qatlamining mustahkamligini, korpusdagi kameralar bo‘rtig‘ining minimial darajada ekanini aytish joiz. Korpusning yon tomonidagi bo‘lmachalar sim-karta va xotira kartasi hamda audio quloqchinlarga mo‘ljallangan. Dinamiklar korpusning quyi qismidan o‘rin olgan. Korpus suv va chang ta’siriga chidamlilikni kafolatlovchi IP68 sertifikatiga ega.

Displey. Samsung Galaxy S7 Edge ekranining piksellar sig‘imi QHD, ya’ni 2560×1440. Super AMOLED ekran texnologiyasi sabab ishlab chiqaruvchi smartfonda qayrilma ekranlardan foydalangan. Sohil-ekranchalari tufayli endi displey yanada keng. Ekranga  “uyqu rejimi”da soat, kalendar, surat yoki ogohlantirishlarni o‘rnatib qo‘yish mumkin.

Apparat platformasi. S7 Edge’ning Exynos 8890 protsessori 8 yadrolidir. Ularning 4 tasi Cortex-A57 (samaradorlikni ta’minlaydi) hamda qolgan 4 tasi Cortex-A53 (quvvat unumdorligini ta’minlaydi). Grafik-tasvirlarni qayta ishlash  Mali T880MP12 chipi zimmasiga tushadi. Smartfon 4 GB tezkor xotira (LPDDR4 turidagi), 32 GB (8 GB joyni android operatsion tizimi egallagan) doimiy ichki xotiraga ega. Qo‘shimcha xotira bo‘lmachasi orqali xotirani 200 GB gacha kengaytirish mumkin.

Multimedia, interfeys. Samsung kompaniyasi so‘nggi vaqtlarda “Galaxy Lab” loyihasi doirasida smartfonlar interfeysini takomillashtirishga harakat qilmoqda. Bosh menyu sahifasida ilovani joylashtirish va menyuni o‘chirib qo‘yishni, Game Launcher katalogini shu imkoniyatlardan deyish mumkin.

Kamera. Gadjetning bosh kamerasi 12 Mp bo‘lib, LED-fotochaqnoq, optik barqarorlashtirish va fazali avtofokus bilan ta’minlangan. Ilg‘or foto-tizim o‘ta ta’sirchan matritsa va f/1.7 diafragmaga ega. 5 Mp bo‘lgan old kamerada ham xuddi shunday diafragma mavjud.

Quvvat manbai. Samsung Galaxy S7 Edge akkumulyatorining sig‘imi 3600 mA soat. O‘rtacha foydalanilganda smartfon to‘la quvvat bilan ikki kun ishlaydi. To‘la quvvat olish uchun unga 100 daqiqa kerak bo‘ladi. Uni dok-stansiya yordamida ham quvvatlash mumkin.

Samsung Galaxy S7 Edge xalqaro bozorda talqin va imkoniyatlaridan kelib chiqib, 708-1176 AQSh dollaridan sotilmoqda.

iphone-6s

iPhone 6S

Apple kompaniyasining barcha taqdimotlari katta qiziqish bilan kutib olinadi. Ayfonning har bir yangi modeli takomillashib, yangicha texnikaviy tajriba mahsuli bo‘lib kelgan. iPhone 6S smartfoni ham iPhone 6’dan farq qiladi.

Dizayn. iPhone 6S korpusi nisbatan qalinlashib, vazni ham ortgani seziladi. Korpusni tayyorlashda kosmik sanoatda foydalaniluvchi alyuminiy 7000 turidagi metalldan foydalanilgan. 6S’ning yig‘ilishi ham sifatli amalga oshirilgan.

Uning korpusi 7.3 mm qalinlikda, bo‘yi 158.2 mm hamda eni 77.9 mm bo‘lib, smartfon vazni 192 grammni tashkil qiladi. Gadjet ayni kunda eng ko‘p ommalashgan qimmatbaho telefonlar qatoridan o‘rin egallagan.

Displey. iPhone 6S displeyining diagonali 4,7 dyuym bo‘lib, 750×1334 piksel sig‘imiga ega. Displey maxsus plyonka va himoya shisha qatlamiga ega bo‘lib, unda 3D Touch chertish hamda Display Zoom tasvirni yaqinlashtirish texnologiyalari joriy qilingan.

Samaradorlik. Devays 2 yadroli, 64 bitli Apple A9 bosh hamda M9 yordamchi protsessorlarida ishlaydi. Kompaniyaning ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur protsessorda samaradorlik avvalgilariga qaraganda 70 %ga oshgan. Qurilmada tezkor xotira 2 GB, doimiy xotira 16, 64 yoki 128 GB.

Quvvat ta’minoti. iPhone 6S akkumulyatorining sig‘imi iPhone 6S’da kamayib, 1715 mA soatni tashkil qilmoqda. Avvalgi sig‘im 1810 mA soat bo‘lgan. Shu bilan birga, qurilma tezkor quvvatlash texnologiyasiga ega.

Multimedia, aloqa, kamera. Gadjet LTE aloqa texnologiyasining 23 diapazoni va 4G LTE standartini, shuningdek Wi-Fi (2.4Gh/5Gh) 802.11 b/g/n/ac simsiz aloqani qo‘llab-quvvatlaydi. Bosh kamera 12, old kamera 5 MP suratlar oladi. Bosh kamerada hozircha HD video yozish mumkin. Kichkina ishlab chiqaruvchilar ham Full HD’ni tatbiq etayotgan bir mahalda Apple’ning bu borada shoshmayotgani qiziq.

Operatsion tizim. iPhone 6S gadjeti iOS 9 opreatsion tizimida faoliyat ko‘rsatadi. Ayni paytda uni 9.0.1 talqinga yangilash mumkin.

Xalqaro bozorda iPhone 6S imkoniyatlaridan kelib chiqib, 623-2000 AQSh dollarigacha sotilmoqda.

huawei-mate-8

Huawei Mate 8

2016 yil 6-9 yanvar kunlari Las-Vegasda o‘tgan Elektronika iste’molchilari ko‘rgazmasida namoyish etilgan Mate 8 “jahonning eng kuchli smartfoni” deya e’tirof etilgan Mate 8 texnologik qurilmalar sinovida Samsung Galaxy S7 smartfonini ham ortda qoldirgan.

Dizayn. Huawei «temir niqobli» flagmanini ishbilarmonlarga mo‘ljallab, to‘la biznes-smartfon uslubida yaratgan. Smartfonning 6 dyuymli korpusi to‘la metalldan ishlangan. Korpus hoshiyasiga maxsus shisha bilan jilo berilgan. Telefonning orqa paneli jilosiz metalldan ishlangan. Smartfon chiroyli, hashamdor va pishiqligi bilan ko‘zni quvontiradi.

Telefon apparatining displeyi uning old panelining 83% qismini egallagan.  Gadjetning o‘lchamlari: 157mm x 80mm x 7.9 mm. U 185 gramm vaznga ega.

Displey. Huawei Mate 8 fableti 1920×1080 piksel sig‘imiga ega 6-dyuymli IPS (LCD – qattiq kristalli displey) turidagi Full HD displeyga ega. Gadjetning rangli gammasini mustaqil sozlash mumkin.

Platforma. Mate 8 smartfoni 8 yadroli, eng uzog‘i bilan 2,3 GGs chastotada ishlaydigan HiSilicon Kirin 950 protsessori, 3 GB tezkor hamda 32 GB qo‘shimcha xotiraga ega. U 132 GB.gacha bo‘lgan qo‘shimcha xotirani qo‘llab-quvvatlaydi. Shuningdek, fabletda kuchli Mali-T880 MP4 grafik protsessori hamda sensor-datchiklardagi ma’lumotlarni qayta ishlaydigan  i5 yordamchi protsessori mavjud.

Mobil vosita Android 6.0 Marshmallow operatsion tizimining moslashtirilgan, displeydan 2 ekranli rejimda foydalanish mumkin bo‘lgan EMUI 4.0 talqinida ishlaydi.

Quvvat ta’minoti. Gadjet 4000 mA soat tok sig‘imiga ega. Tezkor quvvatlash funksiyasiga ega fablet akkumulyatori 2 soat ichida to‘liq  quvvat oladi. Bu katta tezkorlik hisoblanadi. Misol uchun, iPhone 6s Plus 2900 mA soat sig‘imli quvvat toshini to‘la quvvatlantirishi uchun 3 soatdan oshiq vaqt kerak. To‘la quvvatlab, o‘rtacha 3 kun foydalanish mumkin.

Kamera. Mate 8 kamerasi alohida jihatlarga ega. Bosh kamera uchun hozir ommalashayotgan, muayyan o‘zgarish avtofokusiga ega, yorug‘likni qabul qilish diafragmasi f/2.0 bo‘lgan 16 megapikselli Sony IMX298 ob’yektivi o‘rnatilgan. Old kamerada 8 megapiksel sig‘imigacha bo‘lgan surat olish mumkin.

Optik barqarorlashtirish tizimi yordamida kameraning olgan suratlari aniq-ravshanligi bilan diqqatni tortadi. Shuningdek, ovozni boshqarish tugmasini ikki marta bosish orqali kamerani bir zumda ishga tushirish mumkin.

Multimedia, aloqa. Huawei Mate 8 gadjeti Wi-Fi 2.4G/5G, BT 4.2, BLE, NFC kabi simsiz aloqa texnologiyalarini qo‘llab-quvvatlaydi. U 2G, 3G va 4G aloqa tarmoqlarida ishlaydi. Navigatsiya uchun GPS/A-GPS, GLONASS, BDS texnologiyalari mavjud. Shuningdek, smartfonda barmoq izlari skaneri, Xoll datchigi, yorug‘lik va tortishish datchilari, kompas, barometr, akselerometr kabi sensorlar mavjud.

Qurilma xalqaro bozorda imkoniyatlariga qarab 451-841 AQSh dollaridan sotilmoqda.

meizu-pro-5

Meizu Pro 5

Dizayn. Korpus metall va pishiq Gorilla Glass shishasining 3 avlodidan tayyorlangan. Uning ustki va quyi qismida plastik ulamalar ham mavjud.

Displey. Ekran diagonali 5,7 dyuymli bo‘lib, sig‘imi 1080x1920 piksel. Har dyuymda 387 belgi. Ekran ko‘zni oluvchi shu’ladan himoya qiluvchi qoplamaga egalini muhim jihat. Displey Samsung’ning SuperAMOLED matritsasida ishlaydi.

Samaradorlik. Meizu Pro 5 mobil aloqa vositasi Samsung kompaniyasining 8 yadroli, 64 bitli Exynos 7 Octa (Exynos 7420) protsessorida faoliyat ko‘rsatadi.

Aloqa, multimedia. Meizu Pro 5 gadjeti 2 ta Nano sim-kartani qo‘llab-quvvatlaydi. Ular 3G va 4G’da ishlaydi. Shuningdek, NFC (yaqin masofada turib aloqa o‘rnatish) texnolgiyasining mavjudligi ham smartfonning o‘ziga xosliklaridan biri. Qurilmada Bluetooth 4.1 LE, Wi-Fi (ac va b/g/n) dual-band Wi-Fi (2.4GGs/5GGs), USB Type-C universal porti (ma’lumotlarni saqlash va quvvatlash uchun) mavjud.

Quvvat ta’minoti. Meizu Pro 5 ajralmas akkumulyatorga ega. Uning quvvat sig‘imi 3150 mA soat. Uni to‘la quvvatlab, o‘rtacha rejimda 2 kun ishlatish mumkin. Akkumulyatorni tezkor quvvatlash ham mumkin.

Kamera. Pro 5’ning 6 linzali bosh kamerasi 21,16 Mp bo‘lib, F2.2 turidagi diafragmaga ega. Old kamera — 5 Mp.

Operatsion tizim. Flagman Android 5.1 tizimining moslashtirilgan Flyme 4.5.4 talqinida ishlaydi.

Meizu Pro 5 imkoniyatlaridan kelib chiqib,  xalqaro bozorda 366-592 AQSh dollardan sotilmoqda.