Zoom ishlatasiz-a? NASA va Ilon Mask esa uni taqiqlagan!

  •   DiMaX
  •  1390
  •  07.04.2020 10:46

Zoom ishlatasiz-a? NASA va Ilon Mask esa uni taqiqlagan!

Bugungi kunda koronavirus pandemiyasi tufayli butun dunyoda ko‘pchilik masofadan ishlashga o‘tgan. Bunda esa videokonferensiya xizmatini taklif etuvchi onlayn servislar yordami katta bo‘lyapti.

O‘QING: Uyda turib ishlash uchun 7 servis

Hamma joyda bo‘lgani kabi, O‘zbekistonda ulardan eng ommalashgani Zoom servisi hisoblanadi. Lekin kuni kecha aniqlanishicha, unda foydalanuvchilar xavfsizligi va ma’lumotlarining maxfiyligi bilan bog‘liq muammo mavjud ekan.

Disconnect kompaniyasining texnik direktori Patrik Jekson (Patrick Jackson) ma’lum qilishicha, Zoom orqali qilingan videomuloqotlardan kamida 15 mingtasining yozuvlari internetga chiqib ketgan. Bular – onlayn darslar, terapiya seanslari, kichik biznes vakillarining uchrashuvlari va hatto oddiy foydalanuvchilarning shaxsiy suhbatlari aks etgan videoyozuvlardir. Aftidan, ular videomuloqot ishtirokchilarining o‘zlari tomonidan yozib olingan va «bulutli» saqlagichda hech bir parolsiz saqlangan.

Bundan tashqari, Zoombombing degan tushuncha paydo bo‘lgan; bu – begona birovning videokonferensiyaga qo‘shilib olishidir. Tabiiyki, ish yuzasidan yoki shaxsiy videosuhbatingizga umuman notanish birortasi qo‘shilishi sizga ham yoqmaydi.

Aynan shu kabi sabablarga ko‘ra Ilon Mask o‘zining SpaceX kompaniyasi xodimlariga Zoom servisidan foydalanishni taqiqlab qo‘ygan. Nafaqat u, balki AQShning Aeronavtika va kosmik makonni o‘rganish milliy boshqarmasi – NASA ham bu ilovadan voz kechgan.

O‘QING: Karantin davrida bu ilovalar bir yarim baravarga ommalashdi!

Zoom Video Communication Inc. asoschisi va ijrochi direktori Erik Yuan ham servisdagi mazkur xatolikni tan olgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya keyingi paytlarda foydalanuvchilar oqimi kuchayganligi sababli, uzluksiz xizmat ko‘rsatish va qulay interfeys taqdim etishga bor kuchini yo‘naltirgan. «Lekin biz maxfiylik va xavfsizlik bo‘yicha ishonchni oqlay olmadik», deydi Erik Yuan.

Mazkur servis allaqachon videokonferensiyalar ishttirokchilari xavfsizligini ta’minlash uchun kamchiliklarni bartaraf etishga kirishgan. Avvalo, Zoom’da endi «kutish xonasi» funksiyasi qo‘shilgan – toki seans sohibi ruxsat bermagunicha, videomuloqotga yangi qo‘shilmoqchi bo‘lgan ishtirokchilar o‘sha yerga tushadi. Qolaversa, yig‘ilishlar va vebinarlar ishtirokchilari uchun kirish paroli joriy etilgan. Bu esa Zoom orqali bo‘layotgan videokonferensiyalarga begonalar kirib kelishining oldini oladi.

Shu sababli, agarda Zoom ishlatayotgan bo‘lsangiz, ilovani yangilab olishni tavsiya etamiz. Uning iOS uchun mana bu, Android uchun esa mana bu havolalar orqali yuklab olish, shuningdek, saytidan foydalanish mumkin.

Darvoqe, hali o‘tgan yilning dekabr oyiidagina kuniga 10 milliontacha kishi Zoom ishlatgan bo‘lsa, bu yilning 1 apreliga kelib mazkur servisning kunlik auditoriyasi 200 millionga yetgan!

O‘QING: Antiqa reyting: koronavirusdan kim ko‘proq daromad ko‘rdi?

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!