«Galaxy S9+ Mini» – iPhone X dizaynidagi Samsung smartfoni tayyor!

  •   DiMaX
  •  2986
  •  13.04.2018 10:27

«Galaxy S9+ Mini» – iPhone X dizaynidagi Samsung smartfoni tayyor!

Janubiy koreyalik texnogigantning 2018 yilgi flagmanlari – Galaxy S9 bitta modulli, Galaxy S9+ esa qo‘sh ob’yektivli asosiy kameraga ega. Xitoy telekommunikatsion qurilmalarni sertifikatlash markazi – TENAA saytida esa Samsung’ning yana bir smartfoni haqida ma’lumot joylandiki, u mana shu ikki modelning oralig‘idagi qurilma bo‘ladi.

Umuman olganda, Xitoy tashkiloti bazasida SM-G8850 model raqami bilan qayd etilgan ushbu smartfon nafaqat Galaxy S9 va S9+ modellarining, balki hatto iPhone X’ning ham bitta muhim xususiyatini o‘zida jamlagan.

O‘QING: Samsung "hamyonbop flagman"ni qaytarmoqchi!

Samsung’ning hali taqdim etilmagan, faqat TENAA saytida «qo‘lga tushgan» SM-G8850 modeli o‘zining o‘lchamlari va xususiyatlariga ko‘ra Galaxy S9 flagmaniga o‘xshash. Faqat uning asosiy kamerasi qo‘shaloqligi – Galaxy S9+ modeliga xos jihat. Shuning uchunmikan, turli manbalar bu smartfonni «Galaxy S9+ Mini» deb atay boshlashgan.

Ko‘rib turganingizdek, «Galaxy S9+ Mini»ning 12 megapikselli bosh kamerasi kupertinoliklarning superflagmani uslubida. U orqa panelning yuqori chap burchagidan o‘rin olgan, yana ob’yektivlari tikka joylashgan. Barmoq izi skaneri esa orqa qopqoqning o‘rtasida, sal yuqoriroqda ko‘zga tashlanadi. Ushbu datchik kameradan uzoqligi qulaylik tug‘diradi – bilmasdan ob’yektiv oynasiga tegib, uni dog‘ qilib qo‘yishdan saqlaydi.

TENAA ma’lumotlariga ko‘ra, u Samsung SM-G8850 modeli xuddi Galaxy S9’niki kabi – diagonaliga 5,8 dyuymlik AMOLED-ekranga ega. Faqat uning chetlari qayrilgan emas. Garchi o‘zi «Mini» bo‘lsa-da, protsessori ilg‘or – u Qualcomm Snapdragon 845 bazasida ishlaydi.

«Galaxy S9+ Mini» tezkor xotirasining hajmiga ko‘ra ikki xil – 4 va 6 gigabaytlik talqinlarda chiqariladi. Smartfonning «quvvat toshi» 3000 mA/soat sig‘imga ega bo‘lishi aytilgan. Ushbu modelning taqdimot sanasi va narxi hozircha ma’lum emas. Ammo Samsung’ning shu paytgacha savdoga chiqarilgan ko‘plab smartfonlari bizning yurtimizda ham sotilmoqda.

O‘QING: Butun O‘zbekiston bo‘yicha yetkazib beriladigan Galaxy S9+ va boshqa Samsung smartfonlari narxlari (2018 yil 2 aprel)

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.