Hali taqdim qilinmagan Galaxy A34 va Galaxy A54 haqida barchasi!

Hali taqdim qilinmagan Galaxy A34 va Galaxy A54 haqida barchasi!

Samsung kompaniyasi tez orada o'zining yangi avlod o'rta sinf smartfonlari, Galaxy A34 va Galaxy A54 modellarini taqdim qilishi kutilmoqda. Butun dunyo o'rgimchak to'rida esa allaqachon bo'lajak smartfonlarga oid deyarli barcha ma'lumotlar tarqatib yuborilgan.

Dizayn

Agar qalinligida bir necha millimetr farq bo'lishi mumkinligini aytmasa, bu yilgi Galaxy A smartfonlari ham har doimgidek bir xil ramka dizayniga ega bo'ladi: yuqori model Infinity-O, pastroq model esa Infinity-U ramkasida. Renderlarda Galaxy A54 ramkasi qalinligi Galaxy A34 ramkasiga qaraganda biroz qalinroq ko'rinadi. Ta'kidlash joizki, bu rasmiy renderlar emas.

Galaxy A34 chapda, Galaxy A54 o'ngda

Orqa tomonda esa smartfonlar uchta kameraga ega. Ha, Samsung o'zining bu yilgi o'rta sinf smartfonlaridan bitta kamera sensorini olib tashlamoqda. Kameralar qurilma orqa tomoni chap yuqori burchagiga vertikal ravishda tushirilgan va ular kamera oroliga ega emas, ya'ni ular smartfondan bo'rtib chiqib turadi. Bu Galaxy A3X liniyasi uchun yangilik emas, vaholanki, bir necha yil avvalgi Galaxy A32 shunday dizaynda faqat to'rtta kamera bilan chiqarilgan. Aytish kerakki, yangi dizaynda smartfonlar yaqinda taqdim qilingan boshlang'ich modeldagi Galaxy S23 smartfonlarini eslatib yuboradi.

Texnik xususiyatlar

Galaxy A54

Texnik xususiyatlarga keladigan bo'lsak, Galaxy A54 modeli FHD+ rezolyutsiyasidagi 120 gerts yangilanish tezligiga ega 6.4 dyuymli Super AMOLED displey bilan jihozlanadi. Uning yuqori markaziga 32 MP selfi kamera o'rnatilgan. Orqa tomonda esa 50 MP (f/1.8) asosiy, 12 MP (f/2.2) ultra-keng va 5 MP makro uchlik kamera sensorlari joylashgan. Kapot ostida Exynos 1380 chipseti 8 RAM va 256 xotiraga ulangan. Qurilma One UI 5.1 operatsion tizimida ishlaydi. Smartfonning 5000 mA/soat batareyasi 25 Vt tezlikda quvvatlanadi. Qo'shimchasiga, ekran ostida barmoq izini aniqlash skaneri, suv va changga chidamlilik uchun IP67 sertifikati mavjud. Mish-mishlarga ko'ra, smartfonga 3.5 millimetrli naushnik uyasi qaytishi mumkin.

Galaxy A34

Galaxy A34 modeliga kelsak, smartfon yuqori modelniki kabi ekran, batareya va xotira konfiguratsiyalariga ega. Faqat uning displeyi biroz kattaroq, 6.6 dyuym. Chipset esa MediaTek'ning Dimensity 1080 chipseti bo'lishi aytilmoqda. Qolaversa, ushbu model 6 GB operativ xotira bilan ham taklif qilinadi. uning o'lchami 161×78×8 mm bo'lib, og'irligi 199 grammni tashkil qiladi. Tasvirga olish borasida esa, selfilar uchun 13MP kamera, orqa tomonda esa 48+8+5 MP kamera tizimi bor. Agar mish-mishlar to'g'ri bo'lsa, ushbu modelga ham 3.5 millimetrli naushnik uyasi qaytariladi. 

Ikkala smartfonlar ham xotirani kengaytirish uchun microSD uyasi, NFC, 5G qo'llab-quvvatlanishiga ega.

Narxlar

Galaxy A54 smartfoni oq, laym, binafsha va grafit ranglarda, Galaxy A34 esa kumush, binafsha, laym va grafit ranglarda chiqarilishi ehtimoli bor. Ularning tahminiy narxlari quyidagicha:

  • Galaxy A34 5G (6 GB+128 GB): 410-430 yevro
  • Galaxy A34 5G (8 GB+256 GB): 470-490 yevro
  • Galaxy A54 5G (8 GB+128 GB): 530-550 yevro
  • Galaxy A54 5G (8 GB+256 GB): 590-610 yevro

Smartfonlar kelayotgan mart oyida taqdim qilinishi kutilmoqda.

O'QING: Apple'ning yangi avlod flagman smartfonlari rangi oshkor bo‘ldi

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.