Faqat Apple'dan emas, Nothing'dan ham ko'chirishadi!

Faqat Apple'dan emas, Nothing'dan ham ko'chirishadi!

Ba'zida Internetda ayrim xitoylik smartfon ishlab chiqaruvchilari Apple'ning iPhone smartfonlari nusxalarini sotuvga chiqarishgani haqida eshitib qolamiz, lekin kupertinolik kompaniya iPhone'lari boshqalarni ilhomlantiradigan yagona smartfonlar emasga o'xshaydi. Barselonada bo'lib o'tayotgan MWC 2023 ko'rgazmasida Nothing kompaniyasi Phone 1 smartfonining kloni namoyish etildi.

Unihertz Luna smartfoni xuddi Nothing Phone 1 kabi shaffof orqa panelga ega va uning ostida uzun LED chiroqlar joylashgan. Garchi mukammal tarzda funksiyalashgan bo'lmasa ham, ular turlicha ranglarda yonishi mumkin.

Unihertz o'zining Luna smartfoni orqa tomondagi LED chiroqlari joylashuvini shunday tasvirlaydi:

Luna orqasidagi minimalist chiziqlar dumaloq osmonning qadimiy sharqona falsafasidan ilhomlangan. Oy Yer atrofida aylana bo'ylab abadiy harakat qiladi. Xuddi dumaloq Oy kabi jismoniy dunyodagi qolgan dumaloq jismlar ham faoldir.

Apple ham chetda qolmagan. Unihertz Luna'ning uchlik kamera oroli iPhone smartfonlarini eslatib yuboradi.

Hatto Nothing rahbari Karl Pey ham Unihertz'ning MWC'dagi maydoniga borib o'zining Nothing Phone 1 smartfoni va uning nusxasi, Luna bilan suratga tushdi.

Unihertz Luna faqat tashqi ko'rinishinigina boshqalardan o'zlashtirgan. Uning ichki texnik xususiyatlari esa umuman boshqacha. Qurilma MediaTek'ning Helio 99 chipsetida 8 GB RAM va 256 GB xotira bilan ishlaydi. Uning batareyasi 5000 mA/soat bo'lib, u 18 Vt tezlikda quvvatlanadi. Uchlik kamera tizimi 108 MP asosiy, 20MP tungi kamera va 2MP makro kamera sensorlarini o'z ichiga oladi. Ekranga kelsak, u 6.81 dyuym ekanligi ma'lum xolos. Raqamlar katta bo'lgani bilan ularning sifati qanchalik "katta" ekanligi noma'lum.

Qo'shimchasiga smartfonda Face ID, barmoq izini skanerlash, GPS, NFC, infraqizil nur uzatuvchi, 3.5 mm naushnik uyasi mavjud. Aloqa borasida u ikkilik SIM-kartani qo'llab-quvvatlaydi. Smartfon 5G emas.

Unihertz Luna smartfoni mart oyida 300 dollardan ko'p bo'lmagan narxda chiqarilishi kutilmoqda.

O'QING: Redmi'ning yangi texnologiyasi smartfonni 0 dan 100% gacha atigi 5 daqiqada quvvatlaydi

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.