2016 yilda smartfonlar olamida urfga kiradigan 10 texnologiya

2016 yilda smartfonlar olamida urfga kiradigan 10 texnologiya

2016 yilda mobil sanoatida qanday texnologiyalar urfda bo‘ladi? Galagram mazkur savolga javob berish maqsadida joriy yilda smartfonlarda qo‘llanishi trendga aylanadigan 10ta texnologiya to‘g‘risidagi ma’lumotlarni taqdim etdi. Ular quyidagilardan iborat.

  1. Simsiz quvvatlash

Smartfonlarni hech qanday simlarsiz quvvatlash masalasi 2015 yildan 2016 yilga ham dolzarbligicha o‘tdi. Mazkur tendensiya joriy yilda ham saqlanib qoladi. Ayni paytda ishlab chiqaruvchilar katta radiusda simsiz quvvatlash imkoniyatiga ega yangi avlod texnologiyalari ustida izlanishlar olib bormoqda.

Avvalgi barcha texnologiyalar mazkur muammoning yechimini hal eta olganicha yo‘q. To‘g‘ri, smartfonlar USB portlarsiz ham quvvat olishdi, biroq ular maxsus gilamcha yoki doklarga qaramligicha qolmoqda. 2016 yilda smartfonni cho‘ntagimizda turganida ham quvvatlovchi yangi uskunalarni ko‘rishimiz ehtimoli yuqori.

  1. Audio raz’yomning yo‘qolishi

Quloqchin (naushnik)ni smartfonga ulaydigan port — audio raz’yom yoki mini jack juda eski va vaqt sinovidan o‘tgan texnologiya. Biroq bugungi kunda u o‘z xizmatini ado etib bo‘ldi hisob. USB Type-C yoki Lightning portlari osongina 3,5 millimetrli audio chiqish joyining o‘rnini egallaydi.

Shunday qilib, 2016 yilda smartfonlarda naushniklar uchun mo‘ljallangan bunday portlar hajmi kichrayib, smartfon qoplamasi (korpusi)ning konstruksiyasiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Uskunaning tepa qismiga bloklar tugmachasi o‘rnatilsa, pasti karnaylar uchun to‘la ozod etiladi.

  1. Ikkita displey

2016 yilda ham smartfonlarga ikkita ekran o‘rnatish tamoyili saqlanib qoladi. Bunday uskunalar Rossiyaning Yota, Xitoyning Siswoo kabi kompaniyalari tomonidan keng ishlab chiqarilmoqda.

Bunday texnologik yechim bir vaqtning o‘zida ham noodatiy, ham ko‘p vazifaliligi bilan ajralib turadi. Xususan, qo‘shimcha displey orqali mutolaa qilish qulay (agar u E-ink bo‘lsa), shuningdek, qo‘shimcha ekran batareya quvvati past bo‘lganda ayniqsa qo‘l keladi.

  1. 32 Gb doimiy xotira

Ilovalar sonining ko‘payishi, foto va videotasvirlar sifati va hajmining ham ortishi 2016 yilda smartfonlarning asosan 32 Gb doimiy xotirada taqdim etilishiga turtki beradi.

Bu holat xotira kartalari narxining ommaviy tushib ketishiga ham olib kelishi mumkin.

  1. 4K displeylar

Bugungi kunda qariy barcha smartfonlarga 2K displey o‘rnatilmoqda. 2016 yilda esa 4K ekranlar bilan ta’minlangan smartfonlar urfga kiradi. Hozircha Z5 Premium kabi smartfonlar shunday imkoniyatga ega bo‘lsa, yaqin orada Xitoy ishlab chiqaruvchilari ham shu turdagi displeylarga asosiy urg‘u qaratishi kutilmoqda.

  1. Force Touch texnologiyali ekranlar

Xabaringiz bo‘lsa kerak, Apple kompaniyasining so‘ngi modeldagi iPhone smartfonlari, shuningdek, MacBook va Apple Watch ekranlarida barmoq bilan bosilgan kuchni o‘lchaydigan va unga jismoniy javob qaytaradigan Force Touch texnologiyasi qo‘llanilmoqda.

Force Touch smartfondagi turli dasturlarda har xil vazifalarni bajarishi mumkin. Masalan, ekranni kuchliroq bosish bilan videoning tezligini o‘zgartirish, kalendarga muhim sana va qaydlarni kiritish, xaritada belgi qo‘yish mumkin. Shu bilan birgalikda, dastur foydalanuvchiga biror vazifa tugallanganida ekran orqali tebranish ko‘rinishidagi xabarni beradi.

2016 yilda mazkur texnologiya boshqa smartfonlar o‘rtasida ham urfga kiradi.

  1. VoLTE

Voice LTE texnologiyasi “ovoz”ni GSM emas, balki keng polosali LTE tarmog‘i orqali yuboradi. Bu esa barcha abonentlar VoLte`ga ulangan bo‘lsa, ovoz yanada tiniqroq, aloqada esa uzilishlar darajasi kamroq kuzatiladi.

LTE modem o‘rnatilgan Xitoy smartfonlarida joriy yilda mazkur texnologiya trendga aylanishi kutilmoqda.

  1. Ko‘z qorachig‘ining IRIS skanerlari

Bugungi kunda barmoq izi skaneri ko‘plab smartfonlarda qo‘llanilayotgan bo‘lsa, ko‘z qorachiqlari skaneri — butkul yangicha texnologiya.

2016 yilda foydalanuvchilarning ko‘z qorachig‘ini skanerdan o‘tkazish imkoniyatiga ega ilk ana shunday texnologiyalar smartfonlarda qo‘llanilsa ajab emas.

  1. Qo‘shaloq kameralar

Smartfonlardagi qo‘shaloq kameralarga qay darajada ehtiyoj borligi shubhali masala, ularni marketologlarning navbatdagi nayrangi deb ham atash mumkin. Ammo 2016 yilda ayni shunday kameralar ko‘plab smartfonlardan o‘rin olishi ehtimoldan yiroq emas. Chunki shu paytgacha bir qator ishlab chiqaruvchilar qo‘shaloq kameraga ega ilk mahsulotlarini taqdim etib ulgurdi. Huawei Honor 6 Plus smartfoni shular jumlasidan.

Bu yilda Nubia va boshqa ko‘plab taniqli ishlab chiqaruvchilarning bir qator yangi modellarida ham qo‘shaloq kameralarni uchratsangiz ajablanmang.

  1. Li-Fi

G‘aroyib kelajak texnologiyalaridan yana biri — Li-Fi (Light Fidelity). Tez orada u biz odatlanib ulgurayozgan Wi-Fi o‘rnini egallaydi. Mazkur texnologiyaning asosiy o‘ziga xosligi shundaki, u axborotlarni Wi-Fi`dagi kabi radioto‘lqinlarda emas, balki ko‘rinib turadigan yorug‘lik nuri orqali tarqatadi. Li-Fi orqali axborot uzatish tezligi an’anaviy Wi-Fi`ga qaraganda 100 barobar tezroq bo‘ladi. Bu borada o‘rnatilgan rekord esa soniyasiga 224 Gb ni tashkil etadi.

Mazkur texnologiya qo‘llanilgan ilk smartfon prototipi CES 2014 ko‘rgazmasi doirasida namoyish etilgan edi. 2016 yilda esa Li-Fi mobil sanoatda o‘zining mustahkam o‘rnini egallashi aytilmoqda.

 

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.