10 noyabr – birinchi mototsikl yo‘lga chiqarilgan kun

10 noyabr – birinchi mototsikl yo‘lga chiqarilgan kun

1885 yilning 10 noyabr kuni jahondagi ilk mototsikl sinov uchun yo‘lga chiqariladi. Apparat nemis muhandislari Gotlib Daymler va Vilgelm Maybax tomonidan ixtiro etilgan. Hozirda ushbu familiyalar ostida dunyoga mashhur avtomobil brendlari faoliyat yuritadi.

O‘sha paytda ikkala muhandis ichki yonish dvigatelini (ilk karbyurator) yaratib, uni yog‘ochli velotsipedga joylashtirishadi. Qizig‘i shundaki, apparat detallaridan faqat dvigatel metalldan yasalgan edi. Natijada harakatlanish uchun pedallarni aylantirishni talab qilmaydigan yana bir transport vositasi kashf etiladi. Silindrning hajmi 100 kub santimetrdan iborat bo‘lib, ulovga vertikal holatda o‘rnatilgan edi. Dvigatel daqiqasiga 600 marta aylanish orqali quvvatni bitta ot kuchigacha chiqarardi.

Dunyodagi ilk mototsiklni birinchi bo‘lib Vilgelm Maybax minib ko‘radi. U yangi transportda soatiga 12 km tezlik bilan 3 km masofa bosadi. Mototsikl Daymler tomonidan “bobomning soati” (u dvigatelni soatga o‘xshatgan) nomi ostida patentlanadi.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.