Britaniyalik talaba ixtirosi millionlab odamlar hayotini saqlab qolishi mumkin

Britaniyalik talaba ixtirosi millionlab odamlar hayotini saqlab qolishi mumkin

22 yoshli britaniyalik talaba Uill Brodvey juda kichik, termos shaklidagi sovutgichni ixtiro qildi. Mazkur mitti sovutgichdan ko‘zlangan asosiy maqsad – vaksinalarni ideal haroratda saqlab, ularni o‘z manziliga yetkazishdir.

Biroq talaba  ushbu qurilmani patentlashga shoshmayapti. U shunchaki odamlarning hayotini osonlashtirishni istaydi xolos.

Sovutgichga Isobar nomi berilgan.

“Men hech narsasi yo‘q odamlarga yordam bermoqchiman. Menimcha, insonni kasalliklardan vaksinalar orqali himoyalash juda muhim”, – deydi ixtirochi.

Hozirgi kunda vaksinalarni kambag‘al va beqaror mamlakatlarga yetkazishdan oldin muzlatishga to‘g‘ri keladi. Yangi mitti muzlatgich esa 30 kun davomida +2-8 darajani saqlashga qodir. Bu esa vaksinalar sifatini buzmasdan ko‘zlangan joyga yetkazib berishda katta ahamiyatga ega.

Bunday sovutgichni yaratish fikri Uillning 2012 yilda Kambodjaga qilgan safaridan keyin tug‘ilgan. O‘shandan beri u vaksina transporti bilan bog‘liq muammoga yechim topishga harakat qilgan.

Uill avvalroq tibbiy uskunalar bo‘yicha konkultant bo‘lib ishlagan. U tijorat kompaniyalari qay usulda insonlarning umrini saqlaydigan qurilmalarni sotishlarini juda yaxshi tushunadi.

Uning aytishicha, ayni kunda tibbiy uskunalarning narxlari shu qadar qimmatki, odamlar ularni sotib olishga qurblari yetmaydi. Yangi ixtiro esa ko‘pchilikka mos keladi va hisoblarga ko‘ra yiliga 1,5 mln odamning hayotini saqlab qolishi mumkin.

Mashhur Bill Geyts ham Feysbukdagi o‘z sahifasida ushbu ixtironi e’tirof etgan.

Shuningdek, Isobar nafaqat vaksinalar, balki donor qoni va organlarini yetkazishga ham xizmat qilishi mumkin.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.