«Davra.uz»da Bosh vazir virtual qabulxonasining axborot guruhi ochildi

«Davra.uz»da Bosh vazir virtual qabulxonasining axborot guruhi ochildi

«Davra.uz» ijtimoiy tarmog‘ida «O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri virtual qabulxonasi axborot markazi» guruhi ochildi. Guruh — fuqarolardan murojaatlarni qabul qilishning yana bir imkoniyati.

«Davra.uz» orqali O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziriga yuborilgan barcha murojaatlar rasmiy maqomga ega.

«Davra.uz»da murojaat yuborish qanday tartibda amalga oshiriladi?

«Davra.uz» orqali Bosh vazirga murojaat etish uchun elektron raqamli imzo talab etilmaydi.

«Davra.uz»da ro‘yxatga olingan va ushbu guruhga kirgan jismoniy va yuridik shaxslar murojaat yuborishi mumkin. O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziriga murojaat yuborishning boshqa usullaridan farqli ravishda, «Davra.uz» foydalanuvchilari oshkora yoki shaxsiy ko‘rinishda murojaat yuborish imkoniyatiga ega.

Oshkora murojaatlar bevosita guruh lentasida chop etiladi va ijtimoiy tarmoqning barcha foydalanuvchilari ko‘rishi uchun ochiqdir. Oshkora murojaatning asosiy afzalligi bu ochiqlik va interaktivlikdir — bunda Siz axborot markazining xodimlari bilan oshkora ravishda bevosita muloqot qilish imkoniyatiga ega bo‘lasiz, bu, o‘z o‘rnida, murojaatlar ijrosining yanada sifatli amalga oshishiga turtki bo‘ladi. Bundan tashqari, yuborilayotgan murojaatga ushbu murojaatni qo‘llovchi boshqa foydalanuvchilar ham qo‘shilishi mumkin, bu, o‘z navbatida, takroriy murojaatlar miqdorining kamayishiga olib keladi. Ijtimoiy tarmoqning yana bir afzalligi — murojaatning yanada tushunarli bo‘lishini ta’minlovchi rasm, videoni yuklash hamda xaritada belgilarni qoldirish imkoniyatining mavjudligi.

Shaxsiy murojaatlarni yuborish uchun foydalanuvchi «O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri virtual qabulxonasi axborot markazi» guruhi ma’murlaridan biriga murojaat yuborishi mumkin. Guruh ma’murlari tomonidan barcha qabul qilingan murojaatlar doimiy monitoringi olib boriladi, murojaat holati o‘zgarishi va uning bajarilishi to‘g‘risidagi ma’lumotlar sharhlarda chop etiladi yoki jo‘natuvchilarning o‘ziga shaxsan yuboriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziriga ariza, taklif va shikoyatlarni yuborish bo‘yicha qoida va tavsiyalar bilan «O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri virtual qabulxonasi axborot markazi» guruhida tanishishingiz mumkin.

Eslatib o‘tamiz, 24 sentyabrdan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziriga ariza, taklif va shikoyatlarni «pm.gov.uz» sayti orqali, (0 800) 210-0000 yoki 1000 qisqa raqamlariga qo‘ng‘iroq qilgan holda, yoki O‘zLiDeP hududiy partiya tashkilotlariga tashrif buyurish orqali yuborishingiz mumkin.

pm-582x600

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!