Google ham juda tez orada buklamafonlar bozoriga qo'shiladi

Google ham juda tez orada buklamafonlar bozoriga qo'shiladi

Samsung, Huawei, Motorola va yana bir nechta kompaniyalar buklanadigan smartfonlar bozorini ancha ommalashtirishdi. Endilikda Google ham ular qatoriga qo'shilish arafasida. Qidiruv tizimi gigantining ilk buklamafoni, Pixel Fold tez orada taqdim qilinadi.

CNBC nashri bergan ma'lumotlarga ko'ra, Google kompaniyasi o'zining anchadan beri mish-mish qilib kelingan Pixel Fold buklamafonini joriy yilning iyun oyidan sotuvga chiqarishi mumkin. Uning taqdimoti esa tez orada, may oyida bo'lishi kutilayotgan Google I/O tadbiri davomida bo'lib o'tadi.

Ma'lum bo'lishicha, "Felix" ichki kod nomi bilan tanilgan Pixel Fold buklanadigan smartfoni eng chidamli oshiq-moshiqqa ega buklanadigan smartfon bo'ladi. Uning narxi 1700 dollar bo'lishi aytilmoqda. Taqqoslash uchun hozirgi Galaxy Z Fold 4 buklamafoni 1800 dollar narxdan boshlanadi.

Google Pixel Fold. Foto: HowToiSolve

Mish-mishlarga qaraganda, Pixel Fold kitob shaklida buklanadi va bunda uning ichki ekrani 7.6 dyuym, tashqi ekrani esa 5.8 dyuym bo'ladi. Qolaversa, u suvga chidamli bo'lishi va o'rtacha foydalanishda 1 kun, o'ta tejamkor batareya rejimida esa 3 kungacha yetadigan batareya bilan jihozlanishi kutilmoqda.

Ishlash borasida buklamafon hozirgi Pixel 7 seriyasi kabi Tensor G2 chipseti, tasvirga olish tomonda esa oldingi Pixel 6 kameralari bilan ta'minlashini mumkin ekan. Albatta, qurilma "toza" Android operatsion tizimida ishlaydigan bo'ladi – bu Google'ning o'z operatsion tizimida buklanadigan qurilmaga ilk yondashuvi bo'ladi.

Yuqorida aytilganidek, Google'ning ilk Pixel Fold buklamafoni keyingi oy boshida namoyish qilinishi va iyun oyidan boshlab yetkazib berilishi mumkin. Uzunquloq xabarlarga ko'ra, buklamafonga oldindan buryurtma berishda Pixel Watch aqlli soati tekinga beriladi.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!