IDC: Jahonning peshqadam smartfonsozlari -- TOP-5

IDC: Jahonning peshqadam smartfonsozlari -- TOP-5

Marketing tadqiqotlari bo‘yicha jahonning yetakchi IDC kompaniyasi 2017 yilning 2-choragi uchun dunyoning eng peshqadam smartfonsoz kompaniyalarini ma’lum qildi. Joriy chorakda jahon miqyosida smartfon savdosi ko‘lami 1.3 foizga kamaygan va 341 million donani tashkil qilgan.

Kutilganidek, bu chorakda ham Samsung xalqaro bozorga 79.8 million dona smartfon yetkazib bergan va sayyoramizning 1-raqamli smartfon ishlab chiqaruvchisi nomiga ega chiqqan. Uning mazkur chorakda yetkazib berilgan smartfonlarning umumiy miqdoridagi ulushi 23.3 foizni tashkil qilgan. Bu raqam ushbu davrda 41 million dona smartfon yetkazib bergan Apple natijasidan deyarli 2 barobar ko‘p degani. Amriqolik "olma"ning bu chorakdagi ulushi 12 foiz. Kuchli "uchlik"ni Huawei yakunlab bergan. Xitoylik yetakchi qayd etgan natida Apple'nikiga juda yaqin -- 38.5 million dona smartfon va jami smartfonlar miqdoridagi kompaniya ulushi 11.3 foiz.

Huawei Xitoy hamda Yevropa smartfon bozoridagi mustahkam o‘rni bois, bu gal ham peshqadamlikni saqlay olgan. Xitoylik IT-gigantning natijasi avvalgi yilning shu davriga nisbatan 2 foizga yuqorilagan. Huawei'ning o‘rta narxli va qimmatbaho smartfonlari bugunda jadal ommalashmoqda. Ayniqsa, taqdim qilingan so‘nggi P10, Mate 9 modellari, Honor turkumidagi "aqlli" telefonlari bozorda yaxshi sotilmoqda.

OPPO esa 8.1% ulush bilan tag‘in 4-o‘rinni qo‘lga kiritgan. Uning "qarindosh" brendi (ular yagona korporatsiyaga qarashli) Vivo bu gal 5-o‘rinni "hamyurti" Xiaomi'ga bo‘shatib bergan. Syaomi bu chorakda jahon miqyosida ishlab chiqarilgan smartfonlarning 6.2 foizini yetkazib bergan.

Xiaomi Osiyo, xususan Hindiston smartfon bozorida tez ommalashmoqda. Uning smartfon ishlab chiqarish salohiyati so‘nggi bir yilda 58.9% ga oshgan. Misol uchun, kompaniya 2016 yilning 2-choragida 13.3 million dona smartfon yetkazib bergan bo‘lsa, bu chorakda uning ishlab chiqargan telefonlari soni 21.2 million donani tashkil qilmoqda. Ayniqsa, brendning Osiyo va Yevropa bo‘ylab do‘konlari sonini ko‘paytirish bilan bog‘liq rejalari uning reytingdagi o‘rnini kelajakda mustahkamlashi kutilmoqda.

2017 yilning 2-choragi uchun yetakchi smartfon ishlab chiqaruvchilar:

1. Samsung - 22.3%

2. Apple - 12%

3. Huawei - 11.3%

4. OPPO - 8.1%

5. Xiaomi - 6.2%

6. Boshqalar - 39.0%

Garchi, umumiy miqyosda smartfon savdosi tushgan bo‘lsa ham, yuqoridagi kompaniyalarning smartfon savdosida ko‘tarilishlar kuzatilgan.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!