iPhone X bilan "taqashadigan" hamyonbop smartfon sotuvda! 9 barobar arzon!

iPhone X bilan

So‘nggi vaqtlarda Xitoyning ko‘plab smartfon ishlab chiqaruvchilari iPhone X flagmanining "nusxalari"ni tayyorlayotgani haqida xabarlar qulog‘imizga chalinib turibdi. Ular tashqi ko‘rinishidan "olmafon"ni eslatsa ham, narxi undan ancha past va texnik jihatdan ham imkoniyatlari bir oz chegaralangan bo‘ladi. Kuni kecha, 29 yanvarda Xitoyda ana shunday "havaskor" devayslardan biri sotuvga chiqdi. «Olma» korporatsiyasining kloni hisoblangan bu gadjetga ekspertlar ham jiddiy baho berishmoqda.

Bu yerda gap Oukitel U18 modeli haqida ketmoqda. Uning bahosi iPhone X flagmanidan 7-9 barobar arzon. Shu bilan birga, uning funksional jihatlari raqibiga bir oz o‘xshab ketadi. Bu modelning "peshonasida" ham iPhone X kabi o‘yiq mavjud. Apple smartfonida old panel to‘liq displeydan iborat bo‘lsa, xitoylik smartfon displeyining quyisida qora hoshiya qoldirilgan.

Oukitel U18 smartfoni 5,85 dyuymli, IPS matritsali, tomonlar nisbati 21:9 standartli, 1512 ga 720 pikselli HD+ ekranga ega bo‘lgan. Uning samaradorligi uchun 8 yadroli MediaTek MT6750T protsessori mas’ul. Bu chipsetning chastota tezligi 1,5 GGs. Shuningdek, devaysga Mali-T860 video-kartasi, 4 GB operativ hamda 64 GB doimiy xotira o‘rnatilgan.

Bosh kamera ikki sensorli: 16 Mp + 5 Mp. Old kameraga 13 megapikselli kamera moduli o‘rnatilgan. USB Type-C porti orqali quvvat oladigan 4000 mA soat tok sig‘imiga ega litiy-polimer akkumulyator tezkor quvvat olish texnologiyasi bilan ta’minlangan.

Xitoylik smartfon orqa paneli metalldan tayyorlangan. Undagi kameralar panelning markazida, vertikal holatda joylashgan. Kamera modullari ostida esa barmoq izi skaneri mavjud. Bu sensor ko‘pchilik iPhone X foydalanuvchilari uchun orzu! Ishlab chiqaruvchining fikricha, smartfon dasturiy algoritm hisobiga Face ID texnologiyasini ham qo‘llab-quvvatlaydi.

Yangi smartfon o‘lchamlari: 150,5 x 73,2 x 10 mm, telefon vazni – 214 gramm.

Ishlab chiqaruvchining ma’lum qilishicha, Oukitel U18 smartfoni tez orada Android 8.0 Oreo operatsion tizimiga yangilanadi.

Oukitel U18 modelining Xitoyda rasman 170 AQSh dollaridan sotilishi e’lon qilingan. Smartfon qora va tilla rangli korpuslarda ishlab chiqarilmoqda. Ekspertlarning fikricha, narx va sifatni taqqoslab ko‘rganda, bu xitoylik gadjet Apple mahsulotidan ancha-muncha yaxshiroq.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!