Temirni yopishtiruvchi yelim yaratildi

Temirni yopishtiruvchi yelim yaratildi

Ma’lumki, ikkita temir jismni bir-biriga maxsus uskuna yordamida payvandlaymiz. Buning uchun nimalar zarur bo‘lishini ham qisman bilamiz: Yo kavsharlash, yo payvandlash talab qilinadi va bu jarayon uzoq davom etadi. Xarajati ham o‘ziga yarasha.

AQShning Boston shimoli-sharqiy universiteti olimlari payvandlash va kavsharlash uskunalari o‘rinini bosuvchi maxsus yelim yaratdi. Unga MesoGlue deb nom berildi. U bilan xona haroratida ikkita metall buyumni o‘zaro oson yelimlash mumkin.

Tadqiqotchilar guruhi yetakchisi professor Xanchen Xuan mikroskopik nanotayoqchalar va asosi metaldan tashkil topgan yelimni ishlab chiqdi. Bu tayoqchalarning bir qismi indiy (atom raqami 49) va ikkinchi qismi galliy (atom raqami 31) qoplamali.

Yelimlash jarayoni jism sirtidagi indiyli yelim va galliylik yelimni o‘zaro biriktirish orqali amalga oshiriladi. Jismlar o‘zaro yopishtirilgan so‘ng, yelimlar juda mustahkam holatda birikadi va uni qo‘l bilan ajrata olmaysiz. Indiy va galliy birikkanda, yaxlit suyuqlik hosil qiladi va o‘z navbatida temir asoslar ko‘magida mustahkam monolitga aylanadi. Bu yerdagi mustahkamlik payvandlash yoki kavsharlashning natijasi bilan bir-xil.

MesoGlue yelimining boshqalaridan farqi shundaki, u issiqlik va elektr energiyasini yaxshi o‘tkazadi. Yuqori darajadagi qaynoq suyuqlikda ham o‘z mustahkamligini yo‘qotmaydi. Chunki yelim ana shunda yuqori darajadagi namlik va havoga bardoshli.

Qolaversa, mazkur vosita bilan bog‘liq jarayon uchun katta kuch shart emas. Ikkita jismni istalgan holatga to‘g‘rilab, o‘rtacha kuch bilan bosish kifoya. Loyiha mualliflarining aytishicha, mazkur loyiha asosan elektronika sanoati uchun mo‘ljallangan. Yelim tez orada MesoGlue nomi ostida savdoga chiqarilishi kutilmoqda.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!