Nihoyat, Nokia ham iPhone X uslubidagi ilk smartfonini taqdim etdi

  •   DiMaX
  •  1868
  •  16.05.2018 17:43

Nihoyat, Nokia ham iPhone X uslubidagi ilk smartfonini taqdim etdi

Kutilganidek, Xitoyda bugun – 2018 yilning 16 may sanasida HMD Global kompaniyasi yangi – Nokia X turkumining ilk smartfonini taqdim etdi. Bu model Nokia X6 deb nomlangan bo‘lib, ushbu kompaniyaning iPhone X uslubidagi – «kemtik»li romsiz ekranga ega birinchi telefonidir.

O‘QING: Taqdimotga tayyor Nokia X iPhone X'ga raqibmi?

Nokia X6’ning orqa paneli shishadan, korpus romi esa metalldan ishlangan. Smartfonning 5,8 dyuymlik ekrani tomonlari o‘zaro 19:9 nisbatda bo‘lib, tasvir aniqligiga ko‘ra Full HD+ hisoblanadi (2280x1080 pikselli displey).

Gadjetning orqa panelidan 16+5 megapikselli modullari va LED-chaqnog‘i tikka joylashgan qo‘shaloq kamera, uning ostida esa barmoq izi skaneri o‘rin olgan. Selfi ishqibozlari uchun esa ekran ustiga 16 megapikselli kamera qo‘ndirilgan.

Nokia X6’ning apparat platformasi tarzida sakkiz yadroli Qualcomm Snapdragon 636 protsessori tanlangan. Telefon tezkor xotirasi 4 va 6, doimiy xotirasi esa 32 yoki 64 gigabaytlik talqinlarda bozorga chiqariladi. Bu xotirani microSD formatidagi karta yordamida yana 256 gigabaytgacha kengaytirish imkoni bo‘ladi.

O‘QING: Nokia’ning yangi flagmani: uch modulli kamera, IP68 himoyasi va AMOLED-ekran!

Mazkur devaysning 3060 mA/soat sig‘imli akkumulyatori Qualcomm Quick Charge 3.0 tezkor quvvatlash texnologiyasiga ega. Smartfon ikkita SIM-karta bilan ishlay oladi; unda an’anaviy 3.5 millimetrlik quloqchin tirqishi ham, zamonaviy USB Type-C porti ham mavjud.

Nokia X6’ga simsiz aloqaning 4G VoLTE, Wi-Fi (802.11 ac), Bluetooth 5, GPS + GLONASS modullari o‘rnatilgan, FM-radiosi ham bor. U Android operatsion tizimining 8.1 – Oreo talqinida ishlaydi. HMD Global kompaniyasining va’da qilishicha, ushbu model ayni damda sinov jarayonida bo‘lgan Android P talqinigacha yangilana oladi.

O‘QING: Android 9 P operatsion tizim talqini umuman betakror! («jonli» video)

Qizig‘i shundaki, avval ham ayni shu nomdagi smartfon ishlab chiqarilgan. Original Nokia X6 modeli 2009 yilning kuzida taqdim etilgan edi. U musiqiy tachfon sifatida ilgari surilgan bo‘lib, S60 5th edition platformasi bazasida ishlar edi.

Bu yilgi Nokia X6 esa moviy, qora va kumushrang korpuslarda bozorga taqdim etiladi. Narxiga kelsak, smartfonning 2/32 gigabayt xotirali talqini 204 AQSh dollari, 4/64 gigabaytligi 236 dollar, 6/64 gigabaytlik talqini esa 266 dollarga baholanmoqda.

Nokia X6’ning Xitoydagi savdolari joriy yilning 21 may sanasida boshlanadi. Uning boshqa mamlakatlar bozorlariga rasman chiqish-chiqmasligi hozircha noma’lum, lekin «Osmon osti saltanati»dan onlayn savdo platformalari orqali xarid qilish imkoni bo‘ladi.

O‘QING: AliExpress’dagi tovarlarga «Terabayt.uz» orqali buyurtma bering!

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!