Xiaomi va iPhone «chatishmasi» bo‘lgan smartfon brendi yaratildi!
Ha, ishonavering, tinib-tinchimagan odamlar chindanam shunaqa «duragay» smartfon brendi yaratishdi. Uning ilk mahsulotini Tailandda bo‘lib o‘tgan Mobile Expo ko‘rgazmasida taqdim etishdi, deb yozadi GizmoChina.
Bu ikki brend «chatishmasi»ning mahsuloti iMI X deb nomlanadi. Aslini olganda mazkur smartfon – marketing hiylasi: u iPhone X haqida radio orqali eshitgan, Xiaomi’ning biror modelini esa tanishining qo‘lida ko‘rib qolgan mahalliy iste’molchilarga mo‘ljallangan.
iMI X smartfoni diagonali 5.7 dyuymli displeyga ega, ekranning tomonlari o‘zaro 18:9 nisbatda. Uning protsessori qanaqa ekanligi aytilmagan, tezkor xotirasi 3/4 gigabayt hajmga ega. Devays Android 7 operatsion tizim talqini boshqaruvi ostida ishlaydi, fotosuratlarda uni iOS’dan ajratish ham qiyin. Bu gadjet 150 AQSh dollariga baholanmoqda.
Nima ham derdik, buning uchun Xiaomi’ni tabriklasa arziydi. Besh yillik faoliyati mobaynida u qiyinchilik bilan o‘z yo‘lini topdi, birmuncha kinoyali, ammo haqli ravishda «xitoycha Apple» degan tavsifga ega bo‘lishga ulgurdi. Endi esa, hatto uning gadjetlaridan boshqalar nusxa oladigan darajaga yetdi. Avvaliga uning pauer-banklari va kameralarini «ko‘chirib olishdi», endi esa smartfonidan ham nusxa ola boshlashdi, axir!