Britaniyalik o‘smir o‘z droni bilan 250 ming dollar yutib oldi

Britaniyalik o‘smir o‘z droni bilan 250 ming dollar yutib oldi

Britaniyalik 15 yoshli o‘smir World Drone Prix 2016 musobaqasining dronlarni boshqarish yo‘nalishida 250 ming dollar miqdoridagi mukofotni qo‘lga kiritdi. Uning uchar qurilmasi 150 nafar qatnashchi o‘rtasidagi raqobatda g‘olib chiqib, birinchi o‘rinni olib berdi. Taqdirlash marosimini tashkilotchilarning YouTube`dagi rasmiy kanalida ko‘rish mumkin.

Dron, ishtirok va g‘alaba

Britaniyalik o‘smir Lyuk Bannister BAAning Dubay shahrida o‘tkazilayotgan dronlar poygasida ishtirok etish maqsadida Tornado X-Blades Banni-UK jamoasi bilan birga keldi. Musobaqada ishtirokchilarning asosiy vazifasi maxsus yoritilgan hudud bo‘ylab, dronni uchirish va finishga birinchi bo‘lib yetib borish edi.

Vaziyatni yanada aniqroq kuzatib borish maqsadida dronlarga frontal kameralar o‘rnatildi. Poygada Lyuk Bannister boshqargan dron barchanikidan chaqqonroq bo‘lib chiqdi va finishni birinchi bo‘lib kesib o‘tdi. Eng yosh ishtirokchilardan birining bunday musobaqada g‘olib chiqqani o‘ziga xos sensatsion voqea bo‘ldi, deydi musobaqa tashkilotchilari.

Chempionat

World Drone Prix so‘ngi yillarda texnologiyalar olamidagi eng yirik musobaqaga aylanib ulgurdi. Bu yilgi musobaqada 150 ta jamoa jam bo‘ldi. Musobaqaning yutuq fondi million AQSh dollariga yetdi. Ana shu mukofot pulidan 250 ming AQSh dollari Britaniyalik yosh qatnashchi Lyuk Bannisterga nasib etdi.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!