LeEco Le Max 2: smartfonning keyingi avlodi superfonmi?

LeEco Le Max 2: smartfonning keyingi avlodi superfonmi?

Xitoyning LeEco kompaniyasi arzon va ilg‘or texnologiyalar bois qisqa muddatda ommalashgan Le Max 1’dan so‘ng smartfon bozoriga uning yanada takomillashgan talqini – Le Max 2’ni chiqarmoqda. Kompaniya tarqatayotgan matbuot relizlarida mazkur qurilmagan nisbatan “superfon” degan sifatlar ishlatilmoqda.  Smartfonga buyurtmalar kompaniyaning onlayn platformasi orqali amalga oshirilmoqda. Xabar berilishicha, bir haftada mazkur gadjetga 61 ming dona buyurtma berilgan.

Smartfon 5.7 dyuymli bo‘lib, 1440 x 2560 piksel sig‘imli Quad-HD (har dyuymda 515 piksel) displeyga ega. Unda HD yoki 4K sig‘imli videolarni yuqori sifatda ko‘rish mumkin.  Le Max2 Android Marshmallow operatsion tizimining EUI 5.6 moslashtirilgan talqinida faoliyat ko‘rsatadi.

-

Le Max2 2,15 GGs chastota tezligida ishlaydigan, 6 GB (boshqa talqinda 4 GB) tezkor xotira bilan ta’minlangan 4 yadroli Qualcomm Snapdragon 820 protsessorida ishlaydi. Protsessor juda chidamli bo‘lib, uzoq vaqt davomida o‘yinlar o‘ynash ham uning qizishiga sababchi bo‘la olmaydi.

Metall korpuslm Le Max 2 ikki talqinda 32 hamda 64 GB doimiy xotira sig‘imiga ega versiyalarda ishlab chiqariladi.

Le-Max-2

Smartfonda bosh kamera 21 MP hamda uning kunduzgi suratlar olishda tengsiz ekanligi aytilmoqda. Unda 4K sig‘imli video ham yozish mumkin. Ammo yorug‘lik past holatlarda kameraning yaxshi surat olomasligi ma’lum qilingan. Selfi kamera esa 8 MP sig‘imli surat olish imkoniga ega.

Le Max 2 gadjeti 3,100 mA soat sig‘imga ega tezkor quvvat oluvchi akkumulyatorga ega. Garchi, smartfon kuchli protsessor va yuqori sig‘imli displeyga ega bo‘lsa ham, batareyani to‘la quvvatlab kun davomida muammosiz ishlatish mumkin.

Yana bir o‘ziga xos jihati Le Max 2 CDLA audio tizimiga ega bo‘lib, unga 3.5 mm port emas, universal USB Type-C turidagi port orqali ulanish mumkin. Ammo “aqlli telefon”ni bu port orqali quvvatlashni ham inobatga olsak, bir vaqtning o‘zida musiqa tinglash va quvvatlashning imkoni yo‘q.

Telefon apparati 2 SIM-kartali bo‘lib, aloqaning 4G LTE tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlaydi. Korpusning orqa panelida barmoq izlari skaneri ham mavjud.

Bosh menyudagi “Live” tugmachasi orqali LeLive xizmatiga ulanish va ommabop TV kanallarni ko‘rish mumkin. Xaridorlarga 1 yil mobaynida bu kanallarni bepul ko‘rish imkoniyati beriladi.

Le Max 2 mobil aloqa vositasining 4 GB tezkor va 32 GB doimiy ichki xotiraga ega talqini 339 AQSh dollaridan, 6/64 GB talqini 443 dollardan sotuvga chiqarilmoqda. Uning xitoylik raqiblari Xiaomi Mi5 ayni paytda 369 AQSh dollaridan, OnePlus 3 esa 410 dollardan sotilmoqda.