Samsung’ning yana bir smartfoni benchmarkda «ko‘rindi»

  •   DiMaX
  •  1762
  •  23.01.2018 16:50

Samsung’ning yana bir smartfoni benchmarkda «ko‘rindi»

Janubiy koreyalik texnogigantning navbatdagi yirik taqdimoti 26 fevral kuni, MWC 2018 ko‘rgazmasi doirasida bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. Shu kuni kompaniya o‘zining Galaxy S9 hamda S9+ flagmanlarini namoyish etishi rejalashtirilgan. Garchi bu modellarning xususiyatlari haqida yetarlicha tasavvurlar shakllangan esa-da, bir-biriga zid ma’lumotlar ham uchramoqda.

O‘QING: Galaxy S9 va S9+ yangi suratlar va videoda: orqa panelda daktiloskopik datchik yo‘q!

Biroq Samsung flagmanlar taqdimotigacha ham qo‘l qovushtirib o‘tirmasdan, o‘rta narx doirasidagi va hamyonbop smartfonlarni tayyorlamoqda. Jumladan, kuni kecha uning yangi – Galaxy J8 (2018) rusumli qurilmasi benchmarkda sinovdan o‘tkazilganida «qo‘lga tushdi».

GSMarena xabariga ko‘ra, bu smartfon SM-J720F model raqami ostida testdan o‘tkazilgan. Sinov natijalari esa qurilmaning xususiyatlarini oshkor etdi. Ko‘rib turganingizdek, Galaxy J8 (2018) rusumli devays sinovning yakka yadroli rejimida 1208, ko‘p yadrolisida esa 4121 ball to‘plagan.

Android 8.0 operatsion tizim boshqaruvi ostida ishlovchi Galaxy J8 (2018) diagonaliga 5,5 dyuymga teng HD-displeyga ega. Uning sakkiz yadroli protsessori 1,59 GGs takt chastotasida ishlaydi. Samaradorlikni ta’minlashda unga 4 gigabaytlik tezkor xotira hamda ARM Mali-G71 grafik protsessori ko‘makka keladi.

Galaxy J8 (2018) asosiy kamerasi 12 megapiksellik bo‘lib, Full-HD rejimida video ham yoza olishi bilan diqqatga sazovor. Selfilar uchun esa displey tepasiga 7 megapikselli datchik o‘rnatilgan.

Smartfonning narxi va taqdimot sanasi hozircha noma’lum. Agarda Galaxy J8 (2018) fevralning oxirigacha namoyish etilsa, u Samsung’ning yangi operatsion tizim talqinidagi ilk smartfoni bo‘ladi.

Janubiy koreyalik smartfonsozning boshqa mobil qurilmalari esa bozorlarda sotilmoqda.

O‘QING: «Malika»da Samsung smartfonlarining so‘mdagi narxlari (2018 yil 12 yanvar)