O‘zbekiston Respublikasining Qizil kitobi elektron shaklda yuritiladi

O‘zbekiston Respublikasining Qizil kitobi elektron shaklda yuritiladi

Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining qarori bilan “O‘zbekiston Respublikasining Qizil kitobi” to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Uz24.Uz‘ning yozishicha, hujjat Qizil kitobda qayd etiladigan hayvonlar va o‘simliklarga oid ma’lumotlarning turlarini, ularni Qizil kitobga kiritish va undan chiqarish asoslari hamda tartibini, shuningdek, Qizil kitobni yuritish chora-tadbirlarini va boshqa masalalarni o‘z ichiga oladi.

Belgilanishicha, Qizil kitob Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tomonidan elektron shaklda yuritiladi. Qizil kitobning elektron shakli Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining rasmiy saytiga (www.uznature.uz) joylashtiriladi. Shu bilan birga, Qizil kitob 10 yilda kamida bir marta ilmiy-ommabop nashr sifatida chop etiladi.

Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi Qizil kitobga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarning ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini ta’minlaydi, ularni o‘zining saytida joylashtiradi.

Ma’lumot uchun, Qizil kitob O‘zbekiston hududida tabiiy muhitda yashaydigan hayvonlar, o‘simliklar hamda qo‘ziqorinlarning kamyob va yo‘qolib ketish xavfi ostidagi turlari, ularning holati va ularni muhofaza qilish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar majmui hisoblanadi. Qizil kitobga kiritilgan hayvonlar va o‘simliklar turlarining nobud bo‘lishi, miqdori kamayib ketishi yoki ularning yashash muhiti buzilishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan hatti-harakatlarga yo‘l qo‘yilmaydi.