O‘zbekistonda uchuvchisiz uchish qurilmalari ro‘yxatdan o‘tkaziladi

O‘zbekistonda uchuvchisiz uchish qurilmalari ro‘yxatdan o‘tkaziladi

Vazirlar Mahkamasi O‘zbekiston Respublikasining fuqaro va davlat aviatsiyasida uchuvchisiz uchish qurilmalaridan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqladi.

Nizomga ko‘ra, fuqaro aviatsiyasi uchuvchisiz uchish qurilmalari sanoat korxonasida tayyorlangan, ishlab chiqaruvchi zavodning pasporti yoki unga tenglashtirilgan hujjat (sifat sertifikati, muvofiqlik sertifikati)ga ega bo‘lishi, maksimal uchish og‘irligi 25 kilogrammdan oshmasligi lozim. Uchuvchisiz uchish qurilmasiga ega har bir shaxs Davlat aviatsiya nazorati tomonidan qurilmadan foydalanish uchun qurilma jihozlangan radioelektron vositalarni ishlatish imkonini beradigan ruxsatnoma olishi darkor.

Fuqaro aviatsiyasi uchuvchisiz uchish qurilmasidan foydalanishga ruxsatnoma olish uchun ariza beruvchi Davlat aviatsiya nazorati qo‘mitasiga uchuvchisiz uchish qurilmasidan foydalanishga ruxsat berish so‘rab yozilgan ariza, qurilmaga egalik huquqini tasdiqlovchi hujjat nusxasi, ishlab chiqaruvchi zavodning pasporti yoki unga tenglashtirilgan hujjat (sifat sertifikati, muvofiqlik sertifikati) nusxasi, uchuvchisiz uchish qurilmasidan foydalanish bo‘yicha ishlab chiqaruvchi zavod tomonidan berilgan hujjat (yo‘riqnoma, texnik ko‘rsatkichlar) nusxasi, arizachining parvozlarni amalga oshirish bo‘yicha yo‘riqnomasi taqdim etilishi lozim.

Aviatsiya nazorati ariza va hujjatlarni 10 ish kunidan oshmagan muddat ichida ko‘rib chiqadi va uchuvchisiz uchish qurilmasining texnik holatini baholaydi. Hujjatlar ko‘rib chiqilgach va uchuvchisiz uchish qurilmasining texnik holati tekshirilganidan so‘ng qo‘mita uning foydalanilishiga ruxsat beradi va fuqaro aviatsiyasida uchuvchisiz uchish qurilmalaridan foydalanishga ruxsatnoma berilgan qurilmalar ro‘yxatiga kiritadi. Ro‘yxatga olingan har bir qurilma korpusiga beshta raqamdan iborat qayd etish raqami qo‘yiladi.

Xorijiy davlatlarning uchuvchisiz uchish qurilmalari O‘zbekiston hududida faqatgina Vazirlar Mahkamasi ruxsati bilan uchishi mumkin.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.