2 mart – kompakt-diskning «tug‘ilgan kuni»

  •   DiMaX
  •  1485
  •  03.03.2017 21:26

2 mart – kompakt-diskning «tug‘ilgan kuni»

Insoniyat tovushni yozib olish va uni ijro ettirishga moslangan uskunalar yaratishga harakat qilib, texnika taraqqiyotining turli bosqichlarida turfa moslamalar yasagan. Bu masalani Tomas Edison nisbatan yaxshi uddalagan – fonograf ixtiro qilgan. Keyingi davrlarda texnologiya yanada rivojlandi, kompyuterlar ixtiro qilindi va nafaqat ovoz va tasvirlarni, balki har qanday axborotni ham saqlaydigan saqlagichlarga ehtiyoj tug‘ildi.

Nihoyat, bu borada katta yangilik yaratildi – Buyuk Britaniyada 1983 yilning 2 mart sanasida Philips, Sony va Polygram kompaniyalari tomonidan kompakt-disk (optik disk) namoyish etildi. O‘sha davr uchun bu ulkan sensatsiya edi.

Taqdim etilgan kompakt-disk diametri 12 santimetrga teng edi. Namoyish etish uchun unga Betxovenning To‘qqizinchi simfoniyasi yozilgan edi. Lazerli uskuna yordamida yozilgan audioyozuv davomiyligi 74 daqiqa edi – simfoniya ijrosi aynan shuncha vaqt davom etardi. Shuncha muddatlik yozuv sig‘imi keyinchalik disklar uchun standart bo‘lib qoldi.

Optik disklar dastlab audio yozishga mo‘ljallangan bo‘lsa, keyinchalik boshqa formatdagi fayllar ham yoziladigan bo‘ldi. CD-ROM ixtiro qilindi, so‘ngroq yaratilgan CD-R va CD-RW’larda esa har qanday raqamli axborotni saqlash imkoni mavjud edi. CD-R disklarga bir martagina yozish imkoni bo‘lsa, CD-RW disklariga tegishli diskovod yordamida bir necha martalab fayl yozish va o‘chirish mumkin bo‘ldi. DVD-disklar esa bu boradagi navbatdagi qadam bo‘ldi.

21-asrga kelib esa, flesh-texnologiyalarning rivojlanishi tufayli, Audio-CD disklar asta-sekinlik bilan iste’moldan chiqib bormoqda.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!