20 Mp old kamerali Vivo V5s 296 dollarga baholandi

20 Mp old kamerali Vivo V5s 296 dollarga baholandi

Selfi — bugungi kunning ommaviy va odatiy harakatlaridan biri bo‘lib qoldi. Uni kimdir ruhiy kasallik ham deb e’lon qilishga jur’at qildi. Nailoj, buning yaxshi yoki yomonligi xususidagi xulosa bugungi axborot texnologiyalari foydalanuvchilarini qiziqtirayotgani yo‘q. O‘z-o‘ziga mahliyo bo‘layotganlardan foydalanib, mobil aloqa vositalari ishlab chiqaruvchilari smartfonlarning old kamerasiga urg‘u qaratishmoqda va bizneslarini rivojlantirishmoqda.

Jumladan, fotografiyaning bu rivojlanish tendensiyalarini inobatga olib, Xitoyning Vivo kompaniyasi 28 aprel kuni 20 megapikselli old kameraga ega bo‘lgan V5s smartfonini taqdim qildi. Bu kamera uchun diafragmasi f/2.0 bo‘lgan Sony IMX376 sensori tanlangan. Shuningdek, maxsus svetodiodli fotochaqnoq uning imkoniyatlarini yanada kengaytiradi. Bosh kamera uchun 13 megapikselli, aperturasi f/2.2 bo‘lgan sensor tanlangan.

Vivo V5s gadjeti 5,5 dyuymli HD (1280x720 pikselli), shuningdek 2.5D effektiga ega Gorilla Glass 3 shishasi bilan qoplangan ekranga ega. Unga MT6750 protsessori hamda Mali-T860 video-kartasi o‘rnatilgan. Smartfonning tezkor xotira sig‘imi 4 gigabayt, shu bilan birga doimiy xotira sig‘imi 64 Gb.

Vivo V5s 3000 mA soat elektr tokini jamlay oladigan akkumulyatorga ega. Smartfon Android 6.0’ning Funtouch OS 2.6 operatsion tizimi boshqaruvida faoliyat ko‘rsatadi.

Metall korpusli devays o‘lchamlari: 153,8x75,5x7,55 mm, vazni 154 gramm. Undagi AK4376 — Hi-Fi audio-chipi yuqori sifatli ovoz tizimi uchun mas’ul. Qolaversa, smartfon barmoq izlari skaneriga ega. Yangi telefon apparati 296 dollardan sotuvga chiqariladi.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!