2015 yilda «UZ» hududidagi  veb-saytlarga 500ga yaqin hakkerlik hujumi kuzatildi

2015 yilda «UZ» hududidagi  veb-saytlarga 500ga yaqin hakkerlik hujumi kuzatildi

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tizimidagi Axborot xavfsizligini ta’minlash markazining Internet tarmog‘ida xurujlarning oldini olish bo‘limi tomonidan 2015 yilda «UZ» hududidagi  veb-saytlarga uyushtirilgan 493 ta hujumlar qayd qilingan. Markaz mutaxassislari tomonidan mazkur xurujlar bilan bog‘liq 40 ta noxush holat bartaraf etilgan. Bu haqida Infocom.UZ jurnali Markazning 2015 yildagi faoliyatiga  bag‘ishlangan materialda e’lon qilgan.

Axborot xuruji amalga oshirilgan milliy veb-saytlarning 95 tasida, ya’ni 19,2 foizida bosh sahifani o‘zgartirish (deface) holati aniqlangan. Hakkerlar hujumiga uchragan 389 ta veb-sayt, ya’ni zarar ko‘rgan jami saytlarning 78,9 foizida ularning fayllaridan foydalanish tizimi bloklab qo‘yilgan. Qolgan veb-sahifalar esa fishing, veb-sayt kontentining o‘zgartirilishi, nomuvofiq veb-manzillarning joylashtirilishi kabi axborot xurujlariga uchragan.

Markaz ekspertlari tomonidan hakkerlar “qurboni”ga aylangan saytlar tahlil qilinganida, ularning 68 foizi WordPress (CMS), 26 foizi  Joomla! (CMS), 5 foizi  Drupal (CMS) kabi qolip – tayyor, ya’ni dasturchilar tomonidan ko‘chirilgan kontent boshqaruv tizimida yaratilgani ma’lum bo‘lgan.

Materialda qayd etilishicha, veb-saytni xurujlardan himoya qilishda kontent boshqaruv tizimini yangilab borish va himoya dasturiy ta’minot mahsulotlaridan foydalanish, kontentning zararlanganini aniqlash yuzasidan muntazam monitoring olib borish maqsadga muvofiq.

Eslatib o‘tamiz, Axborot xavfsizligini ta’minlash markazi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2013 yil 27 iyundagi PQ-1989-son qarori ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan bo‘lib, markaz zimmasiga davlat organlari axborot tizimlari va resurslari xavfsizligini ta’minlash, axborot tahdidlarini aniqlash va tahlil qilish, shuningdek, «elektron hukumat» tizimi axborot xavfsizligini takomillashtirish masalalari bilan shug‘ullanish yuklatilgan.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!