2018 yil, avgust: Xitoyda «bestseller» smartfon aniqlandi

2018 yil, avgust: Xitoyda «bestseller» smartfon aniqlandi

2018 yilning ikkinchi moliyaviy choragida yakuniga yetgach, marketing tadqiqotlari muassasalari smartfon savdosiga oid yangi statistik ma’lumotlarni taqdim etishga kirishib ketdilar. Nufuzli Counterpoint Research kompaniyasi jahonning yirik smartfon ishlab chiqaruvchi va sotuvchi mamlakati bo‘lmish Xitoyda eng yaxshi sotilayotgan smartfonlarini aniqladi. Bu galgi hisobot o‘ziga xos usulda shakllantirildi: yetkazib beruvchilar eng talab yuqori smartfon modellarini aytishdi, ular xaridorlar e’tiboriga havola qilindi hamda so‘rov o‘tkazildi, so‘nggi bosqichda esa ekspertlar modellar yuzasidan fikr-mulohazalarini bayon qildilar.

Bestseller, ya’ni eng ko‘p sotilayotgan model o‘z-o‘zidan narxi ilg‘or jihatlariga mos keladigan smartfon bo‘lib chiqadi. Xitoyliklarning fikriga ko‘ra, Oppo R15 ayni paytda eng yaxshi sotilayotgan devays. Xitoy smartfon bozorida sotilgan smartfonlar orasida uning ulushi 5% ni tashkil qiladi. Yuzlab modellar borligi hisobga olinsa, bu - yaxshi natija.

Oppo ayni paytda Xitoy bozorida yetakchi smartfon sotuvchilaridan biri sanaladi. Buning uchun kompaniya qator samarali marketing vositalaridan foydalanmoqda. Oppo R15 natijasi ham to‘satdan sodir bo‘lgani yo‘q. Bungacha ham Oppo R9 hamda R11 modellari millionlab xitoyliklarning hurmatini qozongan.

Qisqa izoh: Oppo R15 dizayn masalasida har jihatdan iPhone X'ga o‘xshab ketadi. Uning apparat ta’minoti uchun 8 yadroli Qualcomm Snapdragon 670 protsessor o‘rnatilgan. Smartfon Quick Charge 4 tezkor quvvatlash texnologiyasiga ega bo‘lgani ham o‘ziga xos jihatlaridan biridir.

Oppo R15 modelining metalldan ishlangan orqa paneli firmaning boshqa smartfonlaridan deyarli farq qilmaydi. Bosh kamera qo‘sh sensorli. Oppo R15 $500 dollardan sotilmoqda.

Yaxshi sotilayotgan modellar bo‘yicha keyingi o‘rinda Vivo X21 turibdi, uning so‘nggi chorakda qayd etilgan bozordagi ulushi 4%.

Keyingi ikki o‘rinni ayfonlar egallab turibdi: iPhone X, iPhone 8 Plus. Ularning har ikkalasi ham 3% dan ulushga egalik qiladi.

Navbatdagi o‘rin sohibi bo‘lgan Honor 7C ham 3% ulush bilan yetakchilar qatoriga qo‘shilgan.

Tahlilchilarning alohida ta’kidlashlariga ko‘ra, xaridorlar Oppo hamda Vivo brendlarining flagmanlarini o‘ylab ham o‘tirmasdan xarid qilishni afzal ko‘rishmoqda.

Yetakchi brendlar qatorida esa Huawei kompaniyasini ko‘rish mumkin. Bu ishlab chiqaruvchi o‘rta narxli yaxshi devayslar tayyorlaydigan Honor subbrendi natijalari evaziga ham bu chorakda sotilgan jami smartfonlarning 26% iga egalik qilmoqda. Qolgan natijalar quyidagicha: Oppo — 19%, Vivo — 18%, Xiaomi — 13% hamda Apple 9%.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!