2018 yili iPhone X’ning maxsus «kambag‘albop» versiyasi chiqadi

  •   DiMaX
  •  4821
  •  24.11.2017 17:49

2018 yili iPhone X’ning maxsus «kambag‘albop» versiyasi chiqadi

Apple kompaniyasining iPhone X superflagmani mutlaqo yangicha smartfondir – u o‘zgacha dizayn, Super Retina romsiz ekrani, Face ID yuz skaneri hamda boshqa ko‘plab betakror xususiyatlarga ega. Biroq uning narxi o‘ta yuqori ekanligini inobatga olib, kupertinolik gigant 2018 yili «kambag‘allar uchun» maxsus iPhone X versiyasini chiqarmoqchi, deb yozadi AKKet nashri.

Rosenblatt Securities kompaniyasining tahlilchisi Djun Chjan so‘zlariga ko‘ra, smartfonsozlik borasida yangi bosqichni boshlab bergan «yubiley ayfoni»ga dunyo bo‘yicha millionlab qiziquvchilar bor, lekin uning narxi ko‘pchilikni o‘yga toldiradi. Aynan shuning uchun ham, Apple mazkur qurilmaning soddalashtirilgan maxsus talqinini bozorga chiqarishga qaror qilgan.

O‘QING: «Malika»da iPhone X va boshqa ayfonlarning so‘mdagi narxlari (2017 yil 24 noyabr)

Umuman olganda, arzonlashtirilgan iPhone X ham original talqinning bir nusxasi bo‘ladi, ammo muayyan jihatlari farqlanadi. Xususan, hozirgi superflagmandagi OLED-ekrandan farqli ravishda, yangi qurilmaga klassik IPS-ekran o‘rnatiladi. Shuningdek, korpusining materiali sifatida jarrohlik po‘lati emas, balki alyuminiy qotishmasi qo‘llanadi. Bu esa yangi devaysning tannarxi ancha arzonga tushishiga xizmat qiladi va uni xarid qilishga ko‘pchilikning qurbi yetadigan bo‘ladi.

Apple’ning yangi telefoni boshqa jihatlari bilan original iPhone X’dan farq qilmaydi. Ushbu model asosan Xitoy va Hindiston bozorlariga, shuningdek, ko‘pchilik aholining daromadi uncha yuqori bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bozorlariga mo‘ljallangan.

O‘QING: Kelasi yili 6,5 dyuymlik iPhone X Plus chiqadi

2018 yilning oxirlarigacha Apple kompaniyasi birdaniga uchta smartfonni bozorga chiqarishi kutilayotir. Ulardan ikkitasi iPhone X’ning turli diagonal o‘lchamli OLED-ekranga versiyalari bo‘lsa, uchinchisi mana shu – «kambag‘albop» talqini bo‘lishi mumkin. Uning displeyi zamonaviy smartfonsozlik nuqtai nazaridan sal eskirgan, ammo romsiz IPS-ekran, korpusi esa alyuminiy va toblangan shishadan ishlangan bo‘ladi.

Mazkur ma’lumot hozircha rasman tasdiqlanmagan, ammo agar shu rost bo‘lib chiqsa, Xitoydan onlayn savdo platformalari orqali buyurtma berib ham xarid qilish imkoni tug‘iladi.

O‘QING: AliExpress’da buyurtma qanday rasmiylashtiriladi

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!