2018 yilning eng kuchli plansheti hozirdanoq ma’lum bo‘ldi

2018 yilning eng kuchli plansheti hozirdanoq ma’lum bo‘ldi

Xitoy insayder-saytlarining yozishlaricha, 2018 yilda iPad Pro plansheti 8 yadroli A11X Bionic protsessoriga ega bo‘ladi. Ma’lumotni 7 nanometrli texnik jarayonda qayta ishlaydigan bu chip Tayvanning TSMC kompaniyasi tomonidan ishlab chiqariladi.

Kutilishicha, yangi chipsetda M11 nomli foydalanuvchi harakatini qayta ishlaydigan yordamchi protsessor ham bo‘ladi. Shuningdek, ilg‘or protsessorda "sun’iy intellekt" texnologiyasi uchun zarur neyronli tarmoqlardan ham foydalaniladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, yangi iPad Pro ham romdan xoli dizaynda ishlab chiqarilishi mumkin. Natijada, unda ham barmoq izlaridan voz kechiladi va Face ID biometrik aniqlash tizimi joriy qilinadi, xuddi iPhone X'dagi kabi.

A11X Bionic'ni iPhone 8 va iPhone X flagmanlaridagi A11 Bionic bilan taqqoslab ko‘rsak, undagi samaradorlikning oshganiga guvoh bo‘lish mumkin. Bu natijaga erishishni 2 karra ko‘proq samarali ishlaydigan yadrolardan foydalanilgani bilan izohlash mumkin. Shuningdek, video karta yadrosi ham yanada kuchli. Ekspertlarning fikricha, bu Apple ishlab chiqargan hamda umuman 2018 yilda planshet bozoridagi eng kuchli gadjet bo‘ladi.

Ayni paytda sotilayotgan 10,5 dyuymli va 12,9 dyuymli iPad Pro gadjetlarida A10X Fusion chipi o‘rnatilgan bo‘lib, u ma’lumotlarni 10 nanometrli texnik jarayonda qayta ishlashga mo‘ljallangan. Qurilma o‘z raqobatchilari orasida jahondagi eng sermahsul va samarador planshet hisoblanadi.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.