2020 yilda Yerdagi kameralar soni 1 mlrd.ga yetadi

2020 yilda Yerdagi kameralar soni 1 mlrd.ga yetadi

Axborot texnologiyalari yordamida Yer sayyorasi eng osuda makonga aylanib borayotgan bo‘lsa, ajab emas. Jumladan, "aqlli shahar", "xavfsiz shahar" so‘zlari oxirgi vaqtda bizning ham qulog‘imizga tanish bo‘lib qoldi. Jahon tajribasida mazkur so‘zlar zamirida ichki ishlar, sog‘liqni saqlash, favqulodda vaziyatlar kabi tizimlarning axborot-kommunikatsiya texnologiyalari orqali o‘rnatilgan o‘zaro mushtarak aloqalari yotadi.

Kompyuter texnologiyalari uchun video-karta va protsessorlar ishlab chiqaruvchi Amerikaning Nvidia kompaniyasi shu kunlarda "Metropolis AI" -- sun’iy ong tizimi platformasiga ulangan "aqlli shahar" loyihasi ustida izlanishlar olib bormoqda. Unga ko‘ra shahar bo‘ylab o‘rnatilgan "aqlli kamera"larga alohida video-karta o‘rnatiladi. Bu monitoring tizimi yordamida kameralar ma’lumotlarni tezkor qayta ishlashlari mumkin bo‘ladi.

Bu kabi kameralar tirbandlikni aniqlash va oldini olish, favqulodda holatlarda tezkor chora ko‘rish, hattoki yo‘qolgan odamlarni ham izlash uchun kerak bo‘ladi. Metropolis loyihasi uchun kompaniya Xitoyning 2 yirik kompaniyasini sheriklikka qabul qildi. Alibaba hamda Huawei endi Nvidia’ning "aqlli shahar" dasturini amalga oshirishda yordam beradi.

Metropolis platformasiga asoslangan ilk shaharlar 2020 yilda paydo bo‘ladi. Bu vaqtga kelib sayyoramiz bo‘ylab 1 milliard dona kameralar kecha-kunduz ma’lumot to‘plab, uni qayta ishlash bilan mashg‘ul bo‘ladi. Ular uchun maxsus "sun’iy ong"ga asoslangan ilovalar yaratiladi. Bu ilovalar tartibni saqlash, shuningdek shahar ma’muriyatiga zarur tahlillarni yetkazib turadi.

Nvidia, shuningdek, kuni kecha Pekinda inson qiyofasini skaner qilish orqali uni tanib oladigan loyihani taqdim qildi. Hozircha bu texnologiya 90 foizga aniq ishlaydi.

"Aqlli shahar" dasturini amalga oshirish, bu yo‘nalishda tadqiqotlar qilish uning me’yoriy-huquqiy asosidan ancha ilgarilab ketgan. Hali bu borada hukumatlar tomonidan berilishi kerak bo‘lgan ruxsatnomalar, imzolanishi zarur qarorlar ko‘p.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!