3.65 dollarlik smartfon haqidagi ilk munosabat salbiy bo‘ldi

3.65 dollarlik smartfon haqidagi ilk munosabat salbiy bo‘ldi

2015 yilda asos solingan Hindistonning Ringing Bells kompaniyasi tomonidan ommaviy sotuvga chiqarilishi rejalashtirilayotgan, 251 rupiya (3.65 AQSh dollari)ga baholangan eng arzon Freedom 251 smartfonida aniqlangan kamchiliklar haqida Hindustan times nashri xabar tarqatgan. Smartfon namoyishidan avval uning nishona talqini OAVga taqdim etilgan edi.

“Ringing Bells kompaniyasining qurilmasi – Freedom 251, ehtimol, dunyoning eng arzon “aqlli telefoni”dir, lekin bu uning kamchiliklariga ko‘z yumish uchun asos bo‘la olmaydi. Uning iPhone’dan ko‘chirilgan tashqi va ichki dizayni, xususan ilovalarning logolari bir xil”, deyiladi nashrda.

Shuningdek, unda qo‘ng‘iroqlarni amalga oshirish, ilovalardan foydalanishda ham nosozliklarga duch kelingan. 3G aloqa tarmog‘ida foydalanishga mo‘ljallangan gadjetdagi kamchiliklar yuzasidan gazetaning murojaatiga kompaniya vakili javob berishdan bosh tortgan.

Android Lollipop 5.1 operatsion tizimida ishlaydigan arzon smartfon 4 dyuymli qHD IPS turidagi displey, 1.3 Ggs chastotada ishlaydigan 8 yadroli protsessor, 1GB tezkor xotira, 8GB ichki va 32GB tashqi xotira kartalari, 3.2MP bosh va 0.3MP old kamera, 1450 mAs elektr sig‘imi mavjud quvvat toshiga ega.

Hindiston Xitoydan keyin dunyoning eng ulkan smartfon bozori hisoblanadi. Bu yerdagi mahalliy va xitoylik gadjet ishlab chiqaruvchi kompaniyalar o‘rtasidagi raqobat tufayli bir-biridan arzon va sifatli qurilmalar soni tobora ko‘payib bormoqda.

Arzon smartfon loyihasi Hindiston bosh vaziri tomonidan ilgari surilayotgan “Make in India” (Hindistonda tayyorlangan) va “Raqamli Hindiston” tashabbuslariga ko‘ra amalga oshirilmoqda. Shu kunga qadar Ringing Bells kompaniyasi 4G tarmog‘ida ishlaydigan Hindistondagi eng arzon – 2,999 rupiya (43 AQSh dollari) turadigan smartfonni sotuvga chiqargan edi.

Cho‘ntakbop mobil qurilmaga hindistonliklar 18 fevraldan boshlab onlayn buyurtma berishlari mumkin.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!